Kun.uz xodimlari 2019 yil oxirida Buyuk Britaniyada xizmat safarida bo‘lib qaytdi. Safarimiz davomida bu mamlakatda yashab, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan hamyurtlarimiz bilan suhbatda bo‘ldik.

Suhbatdoshlarimizning kasbiy yo‘nalishlari turlicha – avtomobilsozlik muhandisi, yirik xalqaro bank boshqaruvchisi, kollej o‘qituvchisi, turizm elchisi, Oksford ilmiy tadqiqotchisi, biznesmen va talabalar shular jumlasidan.

Dastlabki intervyumiz Londonda fintex kompaniya ochgan tadbirkorlar bilan kechdi. Sanjar Mavlyanov va Dilshod Mehmonov Angliyada magistratura bosqichida o‘qib, so‘ng shu yerda bir nechta moliya muassasalarida ishlagan, 2016 yilda esa o‘zbekistonlik yana ikki hamkorlari bilan «Safenetpay» nomli fintex kompaniyasiga asos solishgan.

«Men o‘zim huquqshunosman, Dilshod – buxgalter. Bir-birimizni 20-25 yildan beri taniymiz. 2016 yilda kompaniyani ochgan bo‘lsak, litsenziya olishimizga 2 yil ketdi. Angliyada litsenziya olish juda qiyin – juda ko‘p hujjat talab qilinadi.

Ko‘p narsa jamoaga bog‘liq. Avvaliga jamoamiz faqat o‘zbeklardan tashkil topgandi. Boshida to‘rt kishi bo‘lib ish boshlagan bo‘lsak, hozir xodimlarimiz soni 30ga yaqin va shtatlar sonini yana ham ko‘paytiryapmiz», – deydi kompaniya rahbari Sanjar Mavlyanov.

Fintex kompaniyaning an'anaviy bankdan farqi nimada?

Ma'lum bo‘lishicha, suhbatdoshlarimiz Buyuk Britaniyaning Moliyaviy boshqaruv organi – FCA litsenziyasini olib, fintex kompaniyaga asos solgan birinchi o‘zbekistonliklar ekan.

«2018 yilda litsenziya olib, bank sohasiga kirib keldik. Kompaniyalarga hisob-raqamlar, pul o‘tkazmalari, buxgalterlik kabi xizmatlarni ko‘rsata boshladik.

Bizning bankdan farqimiz – biz kredit bermaymiz va investitsiya kiritmaymiz. Qolgan barcha bank xizmatlarini taklif eta olamiz. Ya'ni ko‘chadagi bankdan deyarli farqimiz yo‘q. Registratsiya ham internet orqali. Mobil ilovani ochib, hujjatlaringizni yuborasiz va buni onlayn tasdiqlashadi. Ya'ni siz uydan chiqib, shaxsan bankka borib o‘tirishingiz shart emas. Fintex kompaniyalarda bu an'anaviy banklardan ko‘ra ancha tez hal bo‘ladi», – dedi Mavlyanov.