Moliya vazirligi huzurida Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari moliya bosh boshqarmalari huzurida Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish hududiy maqsadli jamg‘armalari faoliyati tashkil etiladi.

Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, Moliya vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Moliya bosh boshqarmalari huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish hududiy maqsadli jamg‘armalari to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanadi.

Moliya vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlari bo‘yicha belgilangan boshqaruv xodimlarining cheklangan soni doirasida:

Moliya vazirligi markaziy apparatida Davlat rivojlantirish dasturlarini moliyaviy ta'minlash Departamenti tarkibida 8 ta shtat birligidan iborat Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasi mablag‘larini boshqarish boshqarmasi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya bosh boshqarmalari tuzilmasida 2 shtat birligidan iborat Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish hududiy maqsadli jamg‘armalarini boshqarish sektorlari tashkil etiladi.

Belgilab qo‘yilishicha:

a) Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi:

prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirish va amalga oshirishning sifat jihatidan yangi tizimga o‘tish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019 yil 14 maydagi PF-5717-son farmoni talablaridan kelib chiqib, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini va sun'iy inshootlarni qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarining manzilli dasturlarini hamda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan foydalanish ehtiyojlari uchun jihozlash (texnologik asbob-uskunalar, texnika va mashina-mexanizmlar xarid qilish) xarajatlari yo‘nalishlarini shakllantiradi va Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga kiritadi;

kelgusi yil uchun umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini va sun'iy inshootlarni to‘la va joriy ta'mirlash loyihalarining manzilli dasturlarini Moliya vazirligi bilan kelishgan holda shakllantiradi va tasdiqlaydi;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya bosh boshqarmalari va Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda har yili 1 fevralga qadar hududiy maqsadli jamg‘armalar hisobidan moliyalashtiriladigan joriy yil uchun Mintaqaviy yo‘llarni qurish, rekonstruksiya qilish, to‘la va joriy ta'mirlash loyihalarining manzilli dasturlarini tasdiqlaydi va unga o‘zgartirishlar kiritadi.