Unda Oliy ta'lim vazirligi mutasaddilari, OTM rektorlari prezident qarori asosida (PQ-4391-son) 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab tajriba-sinov tariqasida o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan oliy ta'lim muassasalari va yangi tizim bo‘yicha kutilayotgan yangiliklar haqida ma'lumot berdi.
Xususan, Oliy ta'lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonovning so‘zlariga ko‘ra, mustaqil moliyalashtirish tizimiga o‘tadigan oliy ta'lim muassasalarida davlat granti va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida kadrlar tayyorlash davom etadi. Bu esa qabul kvotalarini nafaqat saqlab qolish, balki ularni oshirish imkonini beradi.
«Misol uchun, 2020 yildan o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tgan oliy ta'lim muassasalari qariyb 17 ming nafar talabani o‘qishga qabul qilishi kutilmoqda, bu esa 2019 yildagi ko‘rsatkichdan 20 foizga ko‘p.
Shuningdek, o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimi joriy etilishi oliy ta'lim sohasining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va budjet mablag‘lari ajratilishini kamaytirmaydi, aksincha, Hukumat iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur bo‘lgan malakali mutaxassislarni tayyorlashda investor bo‘lib qoladi. Tahlillarga ko‘ra, 2020 yilda respublikadagi oliy ta'lim muassasalarini moliyalashtirishga 7 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Tadbir davomida 2019 yilning sentabr oyidan boshlab oliy ta'lim muassasalari talabalariga yangi tartibda stipendiya to‘lanayotgani, bu esa amaldagi qonunchilikka qanchalik mos kelishi borasida savol berildi.
«2004 yilda tasdiqlangan va hozir ham o‘z kuchida bo‘lib turgan Yo‘riqnomaga ko‘ra, oliy ta'lim muassasalari talabalariga differensiallangan stipendiya berishi belgilangan. Yo‘riqnomaga ko‘ra, 5 baho olgan talabalarga 1 koeffitsiyent, 4 baho – 0.75 koeffitsiyent va 3 baho olganlarga 0.5 koeffitsiyentda stipendiya to‘lash kerak. Ammo sentabr oyidan buyon bu qoidaga rioya qilinmayapti. 3 va 4 baho olganlarga 400 ming so‘m, 5 baho olganlarga esa 460 ming so‘m stipendiya berilmoqda. Vaholangki, bunday to‘lov qilish uchun birorta normativ hujjat qabul qilinmagan.
Bu holat «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunga zid emasmi? Nima uchun amalda bo‘lib turgan Yo‘riqnomaga hech bir asossiz rioya qilinmayapti?», deyilgan savolda.
Savolga Sarvar Buzrukxonov javob qaytardi.

















