Yurtimiz shahar va qishloqlarini obodonlashtirib, ko‘cha va yo‘llarimiz ozodaligini ta'minlayotgan kasb egalari haqida Kun.uz o‘tgan yili bir nechta maqolalar e'lon qilgan edi.

Shundan so‘ng ularga bo‘lgan e'tibor, munosabat biroz bo‘lsa-da o‘zgarib, ularga ko‘mak berish o‘ziga xos aksiyaga aylanib ketdi. Ijtimoiy faol bir guruh yurtdoshlarimiz tomonidan tashkil etilgan «Pokiza insonlar» aksiyasi shunday xayrli ishlardan hisoblanadi.

Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan aksiya ishtirokchilari har payshanba kuni belgilab olingan bitta tumandagi obodonlashtirish xodimlari ishlab turgan joyga borib, ularga minnatdorlik bildirib, xush kayfiyat ulashishadi. O‘zlari bilan olib kelgan issiq qahva, yegulik va qo‘lqoplarni hadya qilishadi.

Aksiyaning bu galgi haftaligi Yashnobod tumanida bo‘lib o‘tdi. Biz aksiyani kuzatib, uning o‘tkazilishi va «sariq nimchalilar» hayajonini tasvirga oldik.

Sovg‘a ulashmasdan ham aksiyada ishtirok etish mumkin

«Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yili Kun.uz sayti sariq nimchali insonlar haqida ko‘rsatuv qilgan, shundan so‘ng ularga ham e'tibor qaratish kuchaygan edi. Aynan o‘sha ko‘rsatuvda biz o‘zimizni ko‘rgandik.

«Pokiza insonlar» aksiyasi ham ayni shu turtkidan boshlangan edi. Qiladigan ishimiz nima: ularning yoniga borib, ularga ozgina e'tibor qaratish, biroz bo‘lsa-da ular mehnatini qadrlash va e'tirof etish.

Aksiyaga yig‘ilgan kishilar bir-birini mutlaqo tanimaydi va shu ishga birlashgan. Bundan tashqari, bevosita yo‘llarda yurib, sovg‘a ulashmasdan ham «Pokiza insonlar» aksiyasida ishtirok etish mumkin. Buning uchun shunchaki, ko‘chalarga axlat tashlamaslik kifoya», – deydi aksiya faollaridan biri Shavkat Hasan.

Maqsadimiz – yurtdoshlarimizni birovning mehnatini qadrlashga o‘rgatish

«Sariq nimcha kiygan bu insonlarni bizning «ikkinchi armiyamiz» degan bo‘lar edim. Negaki Qurolli Kuchlar bizning xavfsizligimizni ta'minlasa, «sariq nimchalilar» pokizaligimiz, ozodaligimizni ta'minlashadi.