Premer-liganing 23-turida «Liverpul» ortiqcha qiyinchiliksiz «Manchester Yunayted»ni mag‘lub etdi (2:0) va turnir jadvalida asosiy ta'qibchisi «Manchester Siti» bilan oradagi farqni 16 ochkoga yetkazib, chempionlik uchun yana bir katta qadam tashladi. O‘tgan haftaning dam olish kunlarida Yevropa yashil maydonlarida yana bir qator e'tiborli uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

1. «Liverpul» rekord qo‘yishda davom etadi

Angliyaning eng katta ikki klubi bu turda o‘zaro ro‘baru keldi. Turnir jadvali, jamoalar holatidan qat'i nazar, bu jamoalarning o‘yini APLda eng katta voqea sifatida qayd etilaveradi.

«Liverpul» ajoyib g‘alabaga erishdi va bir qator ijobiy ko‘rsatkichlar qayd etdi. Jamoa 22 o‘yindan keyin 64 ochko jamg‘arib, kuchli beshlik rekordini o‘rnatdi. Muhammad Saloh nihoyat o‘zining yettinchi urinishida «Manchester Yunayted» darvozasini ishg‘ol qilishning uddasidan chiqdi. U shu paytgacha APLda o‘zi qarshi o‘ynagan 25 jamoadan 23tasiga gol urgan. Salohga golni urishda darvozabon Alisson Beker ko‘maklashdi. Bu ham so‘nggi o‘n yillikda «Liverpul» darvozaboni tomonidan amalga oshirilgan dastlabki assist bo‘ldi. O‘n yil oldin «Aston Villa»ga qarshi o‘yinda Pepe Reynaning uzatmasidan so‘ng Fernando Torres raqib darvozasini ishg‘ol qilgandi.

«Manchester Yunayted»chi? Aytish mumkinki, bugungi imkoniyatlardan kelib chiqib, tarkibdagi Pogba, Maktomini, Reshford kabi asosiy futbolchilarsiz harakat qilishiga to‘g‘ri kelgan Sulsher «Enfild»da munosib turib bera oldi deyish mumkin. Har holda uchrashuv oxiriga qadar durang uchun imkoniyat saqlanib qoldi, bir qator vaziyatlarga ham ega bo‘lindi. Futbolchilar mahorati o‘z yo‘liga, lekin «MYu» bu o‘yinda sochilib ketmagani, butun uchrashuv mobaynida murabbiy rejasidan chetga chiqmay, tartibli o‘yin ko‘rsatganini qayd etish mumkin. Bundan ortig‘iga «Enfild»da hech bir jamoa qodir emas ayni damda. 

2. APLda grandlar muvaffaqiyatsizligi

«Manchester Yunayted» bu mag‘lubiyatdan unchalik xafa bo‘lmasligi ham mumkin, chunki turnir jadvalining yuqori qismidagi klublar uchun ham bu tur og‘ir keldi.

«Chelsi» bilan o‘rtadagi farq kattalashmadi. Londonliklar so‘nggi daqiqalarda o‘tkazilgan gol tufayli «Nyukasl»dan mag‘lub bo‘lishdi (0:1). «Arsenal» o‘z maydonida «Sheffild» qarshiligini yenga olmadi (1:1). «Tottenhem»ning «Uotford»ga qarshi o‘yini golsiz yakunlandi (0:0). «Manchester Siti» o‘z maydonida «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yinda Agueroning dublidan so‘ng burilish yasagan bo‘lsa-da,  bu o‘yin ham durang bilan yakunlandi (2:2).