O‘zbekistonni tasodifan kashf etgan, bu yerga bir bor kelib, yana qaytib kelishni niyat qilgan, qayta-qayta tashrif buyurgan xorijlik sayyohlar oz emas. Biz ana shunday xorijliklardan biri, Belgiyaning Zonxoven shahridan bo‘lgan Jon Reynxard bilan suhbatda bo‘ldik.

Reynxard rafiqasi Marlin Tutenel bilan «Let’s Discover» nomli, jurnalistik mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan agentlikni yuritadi. Ularning ikkisi ham jurnalist va professional fotosuratchi.

– O‘zbekiston haqida ilk bor qachon eshitgansiz? Sizni bu yerga nima jalb qilgan?

– 2019 yil boshida Joanna Lamlining Buyuk ipak yo‘li haqidagi televizion ko‘rsatuvini tomosha qilgandik. Ko‘rsatuvda O‘zbekiston ham namoyish etilgandi. Biz bu mamlakatning go‘zalligidan hayratda qoldik. Turmush o‘rtog‘im bilan O‘zbekistonga albatta borishga qaror qildik va O‘zbekistonning Bryusseldagi elchixonasiga murojaat qildik.

– Demak, O‘zbekistonga birinchi marta o‘tgan yili kelgansiz? Tashrif paytida qaysi shaharlarda bo‘lgandingiz?

– Ha, birinchi tashrifimiz 2019 yil may oyida edi. Undan keyin sentyabrda Niderlandiya va Belgiyadan o‘n nafar jurnalist bilan birgalikda press-sayohat uyushtirdik. Biz Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivada bo‘lganmiz. Tez orada O‘zbekistonning sharqiy qismiga ham borish niyatidamiz.

– Dastlabki taassurotlaringiz haqida gapirib bera olasizmi?

– Bizni odamlarning mehmondo‘stligi va samimiyligi hayratda qoldirgan. Madaniy obidalarning go‘zalligidan hayratlandik. Tabiat manzaralarining xilma-xilligi, zamonaviy tezyurar poyezdlar va boshqa ko‘plab hayratlanarli narsalar bizni o‘ziga jalb etdi. Milliy liboslar va lazzatli taomlarni ham albatta unutmaslik kerak.

– O‘zbekistonning eng qiziqarli xususiyatlarini sanab bera olasizmi?

– O‘zbekistonning har bir joyi sirlarga to‘la. O‘zbekiston Yevropadagi odamlar uchun kashf etilmagan o‘lka. Bu yer mehribon insonlari bo‘lgan xavfsiz mamlakat. Bizga sayyohlik politsiyasi ham borligi ma'qul keldi.