Davlat rahbari biznes muhitini yanada yaxshilash eng muhim masalalardan biri bo‘lib qolishini ta'kidladi.

«Jahon bankining «Biznes yuritish» reytingida eng yaxshi 50 ta mamlakat qatoriga kirish bo‘yicha barcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni qabul qildik. Hukumat ushbu tadbirlarning amaliy ijrosini samarali tashkil etishi zarur.

Yaqinda qabul qilingan yangi Soliq kodeksiga muvofiq, bu yildan boshlab ko‘plab yangiliklar amaliyotga joriy etilmoqda.

Jumladan, soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Soliqlarni to‘lash muddatini uzaytirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berish bo‘yicha yengillashtirilgan mexanizmlar kiritildi.

Birinchi marta tadbirkorlarga ichki bozorda sotgan mahsuloti bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibi joriy etilmoqda.

Hozirgacha bu tartib faqat mahsulot eksport qilinganda qo‘llanar edi. Buning hisobidan tadbirkorlar ixtiyorida 3,4 trillion so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p mablag‘ qoladi.

Endi tadbirkor tomonidan to‘langan ortiqcha soliq o‘z muddatida qaytarilmasa, unga Markaziy bankning asosiy stavkasi bo‘yicha budjetdan foiz to‘lanadi.

Buning ahamiyatini mana shu zalda o‘tirgan va «oynayi jahon» orqali mening so‘zlarimni eshitayotgan tadbirkorlar, o‘ylaymanki, hammadan ko‘ra yaxshi tushunadi.

Soliq kodeksi normalarini har bir soliq xodimi, tadbirkorlar va soliq to‘lovchilar puxta o‘zlashtirishi, buning uchun ularni muntazam ravishda o‘qitish zarur.

Soliq xizmati xodimlari dunyoqarashini tubdan o‘zgartirish va malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi qoshida Fiskal institutini tashkil etishni taklif qilaman.

Bu jarayonga katta tajribaga ega nufuzli xorijiy ekspertlarni jalb qilish zarur.

Shu bilan birga, tadbirkorlarni ko‘p qiynaydigan soha – litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartiblarini jiddiy o‘zgartiramiz.

Ochiq aytish kerak, mavjud 280 ga yaqin litsenziya va ruxsatnomalar orasida faoliyat turlari hisobini yuritish, mablag‘ undirish yoki shunchaki «nazorat qilish» uchun joriy qilinganlari ham bor.

Bu esa tadbirkorlarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.