Jahon | 18:20 / 24.01.2020
46713
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda koronavirusga qarshi kurashga armiya jalb etila boshlandi

Foto: REUTERS / Aly Song

Xitoyning markaziy harbiy kengashi Uxan shahrida tarqalgan yangi turdagi koronavirusga qarshi kurashga armiyani jalb qildi. Shaharga 40 nafar harbiy shifokor jo‘natilgan. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar berdi. 

Ma'lum qilinishicha, harbiy kengash talabi bilan harbiylarni koronavirus tarqalishiga qarshi kurashga jalb qilish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan.

Harbiy shifokorlar Uxanning pulmonologiya gospitali intensiv davolash bo‘limiga yuborilgan. Ular mahalliy shifokorlarga epidemiyaga qarshi kurashda yordam ko‘rsatishadi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda 2019-nCoV koronavirusidan halok bo‘lganlar soni 26 nafarga yetdi, kasallanganlar soni esa 850 nafardan oshdi.

“Sinxua” axborot agentligining xabar berishicha, Xitoy moliya vazirligi koronavirusga qarshi kurash uchun 1 mlrd yuan (145 mln dollar) mablag‘ ajratgan. 

Shuningdek, Xitoy madaniyat va turizm vazirligi turagentliklarga mamlakat bo‘ylab sayohatlarga turpaketlarni sotishni to‘xtatishni buyurgan. Bundan tashqari, Xitoyning ko‘plab diqqatga sazovor joylariga tashriflar to‘xtatilgan. Jumladan, Buyuk Xitoy devorining bir qismi, Shanxaydagi Disneylend ko‘ngilochar bog‘i tashrif uchun yopilgan. Pekindagi “Qush uyasi” nomi bilan ma'lum bo‘lgan milliy stadion 30 yanvargacha yopilgan. 25 yanvardan turistlarga Min sulolasi imperatorlari sag‘anasiga va Inshan o‘rmoniga kirish taqiqlanadi. 

Mavzuga oid