Xitoy hukumati yangi turdagi koronavirus tarqalishi o‘chog‘i hisoblangan Uxan shahrida ushbu virusga chalinganlarni davolash uchun zudlik bilan ikkinchi maxsus shifoxonani qurishga qaror qildi. Bu haqda The Global Times nashri xabar berdi.
Shifoxona 1,3 ming bemorga mo‘ljallanib, u yarim oy ichida qurib bitkaziladi.
23 yanvarda Uxanda shunday ilk shifoxona qurilishi boshlangani ma'lum qilingandi. Ming kishiga mo‘ljallangan shifoxona 3 fevralgacha tayyor ko‘rinishga keltiriladi.
Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, koronavirusdan Xitoyda vafot etganlar soni 41 nafarga yetdi. Unga chalinganlar soni esa 1,3 ming kishini tashkil qilmoqda.
Koronavirus tarqalishi oldini olish uchun 26 yanvardan provinsiyalararo avtobuslar harakati to‘xtatildi. 28 ta provinsiyadan 25 tasida aholi salomatligi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarga javob berishning eng yuqori darajasi e'lon qilindi. Bu hududlardagi aholining umumiy soni 1,2 mlrddan oshadi.
Dastlab ushbu chora Uxan joylashgan Xubey provinsiyasida kiritilgan, so‘ngra unga markaziy bo‘ysunuvdagi Pekin, Shanxay, Chunsin va Tyanszin shaharlari, Guandun, Xenan, Xunan, Chjetszyan, Anxoy, Tszyansi, Sichuan, Shandun, Yunnan, Guychjou, Futszyan, Tszyansu, Xaynan, Xeylunszyan, Xebey, Gansu, Lyaonin, Shansi provinsiyalari, Shinjon-Uyg‘ur va Guansi-Chjuan muxtor tumanlari qo‘shilgan.

Bundan tashqari, Xitoyning maxsus ma'muriy hududi hisoblangan Hongkongda ham favqulodda vaziyatlarga javob berishning eng yuqori darajasi kiritilgan.
Shuningdek, Xitoydagi barcha turistik kompaniyalar va onlayn-agentliklar mamlakatga turistik turlarni vaqtinchalik to‘xtatishdi.
Ta'kidlanishicha, Xitoyda bo‘lgan sayyohlik guruhlari o‘z sayohatlarini davom ettirishlari mumkin, biroq ular xavfsizlik va sayyohlar salomatligiga alohida e'tibor qaratishlari lozim bo‘ladi.
Xitoy raisi Si Tszinpin kommunistik partiya markaziy qo‘mitasining koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq holda chaqirtirilgan yig‘ilishida koronavirusga qarshi kurashayotgan barcha tibbiy xodimlarga minnatdorlik bildirdi.








