O‘zbekiston | 09:40 / 27.01.2020
13982
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston aholisi bir yil ichida 650,3 ming kishiga ko‘paydi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasining doimiy aholisi soni 2020 yil 1 yanvar holatiga 33905,8 ming kishini tashkil etib, 2019 yil boshidan 650,3 ming kishiga yoki 2,0 foizga o‘sdi.

Respublika hududlari kesimida tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2020 yil 1 yanvar holatiga hududlarning respublika jami aholisi sonidagi ulushi bo‘yicha eng ko‘p ko‘rsatkich Samarqand viloyatida 11,4 foizni tashkil etib, keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyatida 11,1 foizni, Qashqadaryo viloyatida 9,7 foizni va Andijon viloyatida 9,2 foizni tashkil etgan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekiston doimiy aholisi sonining 30,5 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 58,9 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilar va 10,6 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kattalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 

2019 yilning yanvar-dekabr oylarida 815,9 ming bola tug‘ilganligi qayd etilgan bo‘lib (faqat tirik tug‘ilganlar inobatga olingan), 1000 aholiga nisbatan tug‘ilish koeffitsiyenti 24,3 promilleni tashkil etdi hamda 2018 yilning mos davriga nisbatan 1,0 promillega oshganligi kuzatildi (2018 yilning yanvar-dekabr oylarida 23,3 promille bo‘lgan).

Shuningdek, 2019 yilning yanvar-dekabr oylarida 155,0 mingta o‘lim qayd etilgan bo‘lib, 1000 aholiga nisbatan o‘lim koeffitsiyenti 4,6 promilleni tashkil etdi va 2018 yilning mos davriga nisbatan 0,1 promillega tushganligi (2018 yilning yanvar-dekabr oylarida 4,7 promille bo‘lgan) kuzatildi.

Mavzuga oid