2017 yilda O‘zbekistondagi 30ta shahar va 170ta tuman ichki ishlar organlari boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i lavozimlari joriy etilgan edi.
Birgina 2019 yilning o‘zida respublika bo‘yicha bu lavozim egalarining yarmidan ko‘pi – 114 nafari yo lavozimidan ozod etilgan, yoki intizomiy javobgarlikka tortilgan.
Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov 29 yanvar kuni yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda shu haqda ma'lumot berib o‘tdi, deb xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.
«Shahar-tuman ichki ishlar organlari boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari nafaqat profilaktika inspektorlarining faoliyatini muvofiqlashtirish, balki o‘zi rahbarlik qilayotgan hududdagi aholi, ayniqsa, yoshlar bilan uzluksiz tarzda ishlash, ularning muammolarini aniqlab, hal etish choralarini ko‘rish kabi vazifalarga ham mas'uldirlar.
Biroq hamma joyda ham ularning faoliyati to‘g‘ri tashkil etilgan deb aytolmaymiz. Yoshlar bo‘yicha o‘rinbosarlarning hammasi ham o‘ziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarmayapti. Shuning uchun o‘tgan yili 47 nafar yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosar lavozimidan ozod etilib, 67 nafari intizomiy javobgarlikka tortildi», – dedi Bobojonov.


IIV rahbarining qayd etishicha, yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlarning aksariyatini 30 yoshdan oshganlar tashkil etadi. U bu lavozimlarga bilimli, halol va jonkuyar yosh xodimlar tayinlanib, bosqichma-bosqich yoshartirib borilishini ta'kidladi.


















