Hozirda keng foydalanilayotgan muqobil energiya turlaridan biri shamol energetikasi hisoblanadi. Buning uchun zamonaviy shamol energetik qurilmalari yaratilgan bo‘lib, ular quvvatiga ko‘ra mini va katta shamol energetik qurilmalariga ajratiladi.

O‘zbekistonda doimiy ravishda shamol esib turadigan hududlar mavjud. Bunday geografik hududlarda «Shamol generatorlari»ni barpo etish va ulardan energiya manbai sifatida foydalanish ancha samarali va qulay hisoblanadi.

Bundan bir necha kun avval Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti Innovatsiya markazi xodimlari tomonidan Erkin Atajanovning «Shamol harakatini mexanik xarakatga aylantiradigan klapanli qurilma»ning (shamol generatori) loyihaviy-tajribaviy namunasi laboratoriya sinovidan o‘tkazilgan edi.

Unda Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Olimjon To‘ychiyev, institut rahbariyati va ilmiy xodimlari ishtirok etishgandi.

Sinov metodikasiga ko‘ra, loyihaning tajribaviy namunasi laboratoriya sharoitida turli tezlikdagi sun'iy shamol ta'siri ostida sinalgan. Maxsus o‘lchov asboblari yordamida qurilma tajribaviy namunasi o‘qidagi kuch momenti, o‘qning burchak tezligi va berilayotgan sun'iy shamol tezligi o‘lchanib natijalar qayd etilgan.

Biz ushbu ixtiro muallifi Erkin Atajanov va Yodju texnika instituti bilan bog‘lanib, loyihaning qimmati, ahamiyati va kelajagi borasida fikrlarini so‘radik.

«Yangilikka intilish, ixtirolar qilish yoshligimdan hobbim bo‘lgan. Bolaligimda maktab davrida bir ikki marta kichik ixtirolarim bilan konkurslarda qatnashardim», deydi ixtirochi.

ixtiro muallifi Erkin Atajanov

U yangi ko‘rinish va funksiyadagi shamol generatorining xususiyatlari haqida aytib berdi.

«Hozirgacha mavjud shamol generatorlari aerodinamik shaklga ega bo‘lar edi. Buning yangilik jihati to‘g‘ri to‘rtburchak shaklga ega bo‘lgan qanotlar orqali harakatlanadi, shuningdek, o‘zini himoya qilish tizimiga ham ega. Bizning mahalliy iqlim sharoitimizga moslashgan, ya'ni avvalgilardan farqli 10-12 emas, balki 7-8 m/s shamolda ham ishlaydi va tok ishlab chiqara oladi», deydi u.