O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 fevral kuni tashqi iqtisodiy faoliyat tizimini isloh qilish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

«Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida tashqi savdo bilan bog‘liq nazorat tizimi va infratuzilmani yaxshilash, jumladan, xorijiy tajribadan kelib chiqib, bojxona postlarida nazoratni amalga oshiradigan bojxona, sanitariya, karantin, veterinariya va boshqa idoralar faoliyatini isloh qilish lozimligini ta'kidlagan edi.

Bu sohada uzoq yillardan buyon samarali ishlar olib borilmagani tashqi savdo amaliyotlarida muayyan qiyinchliklar tug‘dirmoqda. Jahon bankining «Biznes yuritish» reytingida «Xalqaro savdo» yo‘nalishi bo‘yicha mamlakatimiz 190ta davlat orasida 152-o‘rinda qayd etilgani ham shundan dalolat beradi.

Yig‘ilishda mazkur reytingda mamlakatimiz pozitsiyasini yaxshilash, jahon tajribasi asosida nazorat idoralarining ishini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Ma'lumki, ko‘plab davlatlarda yuklar chegaraga yetib kelmasidan oldin ular haqida axborot berilib, yukning tez chiqib ketishi ta'minlanadi. O‘zbekistonda esa o‘tgan yili 416 mingta deklaratsiyadan atigi 344tasi yuk chegaraga kelguncha rasmiylashtirilgan. Yuk to‘g‘risida oldindan ma'lumot berish avtomobil transportida 98 foizni tashkil etsa, temir yo‘lda umuman yo‘lga qo‘yilmagan.

Shu bois nazoratni chegarada emas, balki yuklar kirib kelishidan oldin yoki mamlakat ichkarisida erkin muomalaga chiqarilgandan keyin amalga oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bugungi kunda 1 ming 836ta turdagi tovar bir vaqtda uchta idora tomonidan tekshirilishi, oqibatda import-eksport hujjatlarini rasmiylashtirish haftalab cho‘zilayotgani tanqid qilindi.

Bojxona, veterinariya, karantin, sanitariya, standart, ekologiya idoralari ish uslubini o‘zgartirishi, ularning asosiy vazifasi mahsulotlar eksportini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Tovarlarning bojxona qiymatini tezkor aniqlash imkoniyati bo‘lmaganda, tadbirkor to‘lov qilib o‘sha zahoti mahsulotini olib ketadigan, bunga aniqlik kiritilganidan keyin farqni to‘laydigan tizim joriy etish muhimligi ta'kidlandi.