1 apreldan boshlab Toshkent shahrida qator davlat xizmatlarini faqat YaIDXP hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy saytlari orqali olish mumkin, deb yozmoqda Norma.
Ular:
O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilmagan yovvoyi o‘simliklar va ularning qismlarini olib kirish va olib chiqishga ruxsatnoma;
O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilmagan yovvoyi hayvonlar, ularning qismlari, hayot faoliyati mahsulotlari, zoologiya kolleksiyalari, trofeylar, tulumlarni olib kirish va olib chiqishga ruxsatnoma;
O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilmagan yovvoyi hayvonlarni saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha pitomnikni, shuningdek, zoologik kolleksiyalarni hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi guvohnoma;
Tadbirkorlik sub'yektlari yagona davlat reyestridan tadbirkorlik sub'yektining o‘zi to‘g‘risida ko‘chirma;
Tadbirkorlik sub'yektlari yagona davlat reyestridan ko‘chirma, maxfiy axborot bundan mustasno;
Tadbirkorlik sub'yektlari yagona davlat reyestridan so‘ralayotgan axborot va (yoki) hujjat mavjud emasligi to‘g‘risida ma'lumotnoma berish;
Tadbirkorlik sub'yektlari yagona davlat reyestridan tadbirkorlik sub'yektlari ro‘yxatini elektron shaklda berish, olish imkoniyati qonun hujjatlari bilan cheklangan ma'lumotlar bundan mustasno;
manzil-ma'lumot axborotlarini taqdim etish;
soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarni soliq organlarida hisobga qo‘yish, STIR berish;
yakka tartibdagi tadbirkorning ro‘yxatdan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasini to‘xtatib turish.
Bunda Tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi uni yuritish va texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklatilgan holda Davlat xizmatlari agentligiga o‘tkazildi.
Shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardagi mahallalarda Davlat xizmatlari markazlari filiallari bosqichma-bosqich ochiladi. Shu tarzda mahalliy aholiga keng qamrovli, shu jumladan mobil (sayyor) davlat xizmatlarini ko‘rsatish, YaIDXPdan foydalanish bo‘yicha maslahatlar berish ta'minlanadi. Filiallar mahallalarning fuqarolar yig‘inlari binolarida, biroq zarur hollarda esa - alohida, shu jumladan DXSh shartlari asosida qurilgan binolarda joylashtiriladi.















