Davlat soliq qo‘mitasi xarid chekini talab qilmaslik “yashirin iqtisodiyot”ga yo‘l ochishi haqida eslatma bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, xarid cheklarini talab qilib olish naqd pullarning bankdan tashqari noqonuniy aylanishining oldini oladi. Davlat budjetiga soliq tushumi oshishini ta'minlaydi.

“Agar sotuvchi tomonidan chek taqdim etilmasa, albatta, talab qilish zarur. Zero, har bir iste'molchi savdo shoxobchalaridan xarid qilgan mahsuloti uchun chek talab qilishga haqli”, - deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, 2019 yil 6 sentyabrda “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi. Mazkur farmonda tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan xarid cheki bermaslik holatlarini oldini olish hamda ularni onlayn kuzatish nazarda tutilgan. Hozirda farmonga ko‘ra, tadbirkorlik sub'yektlarini onlayn-NKM bilan jihozlash choralari ko‘rilmoqda.
 
“Onlayn-NKMning joriy etilishi xaridorga ham, sotuvchiga ham birday qulaylik yaratadi. Uning cheklarida xarid qilingan mahsulot ro‘yxati, narxi, soni, chek va kassa apparati raqami aks ettiriladi. Bundan tashqari, QR-kod yordamida chekdagi ma'lumotlarni elektron ma'lumotlar bilan solishtirish imkoniyati ham bo‘ladi. Shuningdek, tadbirkorlik sub'yekti uchun tovar aylanmasi haqida aniq ma'lumotlar saqlanib qoladi. Bir so‘z bilan aytganda, ortiqcha qog‘ozbozlik va vaqt sarflanishiga barham beradi”, - deya ta'kidlaydi DSQ.

Onlayn-NKM yoki virtual kassa yuritilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini ta'minlash maqsadida turli xil o‘yinlar va rag‘batlantirish choralari ham joriy etilgan. Jumladan, onlayn-NKM cheklarini soliq organlaridan ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslar o‘rtasida yutuqli o‘yinlar o‘tkaziladi. Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari bo‘yicha ma'lumot berganlar esa rag‘batlantirib boriladi.
 
Soliq xizmati xodimlari amaldagi qonunchilikka ko‘ra, onlayn-NKMdan foydalanish qoidalariga rioya etilishini tekshirib boradi. Tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan belgilangan tartibda nazorat xarid cheki berilmasligi besh million so‘m miqdorida moliyaviy jarima qo‘llanilishiga asos bo‘ladi. Ushbu holat bir yil ichida takror sodir etilsa, jarima miqdori o‘n million so‘mga oshiriladi. 

“Tan olib aytish kerak, o‘z haq-huquqini yaxshi biladigan fuqarolar ham talaygina. Aynan mana shunday fuqarolarning e'tibori tufayli ayrim tadbirkorlik sub'yektlarining haqiqiy daromadini yashirishga urinayotgani fosh bo‘lmoqda. Soliq organlari tomonidan olib borilayotgan tushuntirish-targ‘ibot ishlariga qaramay, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida sotilgan tovar uchun chek bermaslik holatlari yuzasidan murojaatlar kelmoqda”, - deyiladi ma'lumotda.