7 fevral kuni Toshkent shahridagi «Talabalar media ijtimoiy va madaniyat maskani» binosida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida stipendiya to‘lashning yangi tartibi muhokama qilindi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan stipendiya to‘lashning yangi tartibi bo‘yicha 30 foiz fanlardan 3 baho olgan talaba semestr davomida stipendiya olmasligi, bu holatda 3 baho olmaslik uchun ham ayrim talabalar tomonidan baribir korrupsiyaga yo‘l qo‘yilishi mumkinligi borasida savol berildi.
Savolga dastlab Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipov javob berdi.
Uning aytishicha, universitetda oxirgi semestrda sinovdan o‘tkazilgan tizim bo‘yicha yakuniy imtihonlarda o‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi bog‘liqlik uziladi va qisman korrupsiyaning oldi olinadi.
«Iqtisodiyot universitetida bir tizimni yo‘lga qo‘ydik. Bunda imtihonlarda tushadigan barcha test savollari talabalarga oldindan yetkazildi. Yana bir o‘zgarish: talabalar yakuniy imtihonlarni onlayn tarzda test markazlarida topshirdi.
Bu jarayonda o‘qituvchilar qatnashmaydi. Test jarayonini nazorat qiluvchi nazoratchilar esa universitetning o‘zidan bo‘lmaydi. Talabalarda test jarayoniga nisbatan e'tirozlar bo‘lsa, test jarayoni yakunida qayta imtihon qildik.
Bu jarayonda talaba va professor, o‘qituvchi aloqasi bo‘lmaydi. Bu jarayon yakuniy imtihonlarda korrupsiya holatlarining oldini olish imkoniyatini beradi», — dedi u.
Savol yuzasidan, shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov ham o‘z fikrlarini bildirdi.

«Bu yangi tizimni joriy qilish uchun ko‘pchilik mehnat qildi. Ko‘p tahlillar qilindi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, stipendiya to‘lash tartibi hozirda faqat MDH davlatlaridagina saqlanib qolgan.
Ta'lim sifati bizga yaqinroq bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘istondagi tizimni olib ko‘raylik. Bu davlatlarda ham talabalarga stipendiya to‘lanadi ammo 3 bahoga o‘qiydiganlarga emas. Ular budjetdan stipendiya olmaydi», dedi Buzrukxonov.
















