Jamiyat | 09:20 / 11.02.2020
19267
3 daqiqa o‘qiladi

«Matiz»ning kapotiga osilib qolgan YPX xodimi ishtirokidagi video bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi

Haydovchi “Matiz”ni oldida turgan inspektor ustiga harakatlantirishni boshlagan va YPX inspektori transport vositasining kapotiga osilib qolgan

Foto: Videodan kadr

2020 yil 29 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Matiz”ning kapoti oldiga osilib qolgan YPX xodimi aks etgan video tarqaldi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yilning 27 yanvar kuni soat 10:00lar atrofida Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumani markazida joylashgan tuman prokuraturasi binosidan dehqon bozoriga o‘tish uchun mo‘ljallangan piyodalar o‘tish yo‘lagining ustida, “Matiz” rusumli davlat raqam belgisi transport vositasi haydovchisi “Yo‘l harakati qoidalari”ning 91-bandida ko‘rsatilib o‘tilgan talablarni buzgan holda to‘xtagan.

Ushbu hududga dislokatsiya asosida xizmat olib borish uchun biriktirilgan Surxondaryo viloyati IIB YHXB YPX otryadi 2-safarbar guruhi YPX inspektori M.Toshpo‘latov “Matiz” rusumli transport vositasi haydovchisi sodir etgan qoidabuzarlikni vizual kuzatuv orqali aniqlagan va sodir etgan qoidabuzarligi yuzasidan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirish maqsadida haydovchi tomonga harakatlangan.

Yo‘l-patrul xizmati inspektori kelayotganligini ko‘rgan haydovchi ma'muriy javobgarlikka tortilishini anglagan va javobgarlikdan bo‘yin tovlash maqsadida xodimning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan “Matiz” rusumli transport vositasini oldida turgan inspektor ustiga harakatlantirishni boshlagan va YPX inspektori M.Toshpo‘latov transport vositasining old qismi (kapoti)ga osilib qolgan.

Transport vositasi kapoti ustida bo‘lgan yo‘l-patrul xizmati inspektorini ko‘rib bila turib haydovchi M.Ulug‘bek ko‘chasi bo‘ylab taxminan 70 metr masofagacha harakatlangan va YPX inspektori yerga yiqilib tushgan. Haydovchi esa avtomashina harakatini davom ettirgan.

YPX inspektori M.Toshpo‘latov bo‘ysunmay ketgan haydovchi boshqaruvidagi transport vositasi to‘g‘risidagi ma'lumotni aloqa vositasi orqali boshqa YPX inspektorlariga yetkazgan.

Olib borilgan tezkor harakatlar davomida Surxondaryo viloyati IIB YHXB YPX otryadi 2-safarbar guruhi YPX katta inspektori Z.Zokirov bo‘ysunmay harakatlangan haydovchi boshqaruvidagi “Matiz” rusumli transport vositasini to‘xtatgan.

Haydovchi, 1999 yilda tug‘ilgan, Sariosiyo tumanida yashovchi fuqaro Yo.O.ga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi tartibida bayonnoma rasmiylashtirib transport vositasi vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Holat yuzasidan Sariosiyo tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid