
Bungacha JSST press-relizlarida Xitoyning Uxan shahrida tarqala boshlagan epidemiya 2019-nCoV yoki «yangi koronavirus» deb atalayotgandi.
«Rasmiy nom noaniq yoki tahqirlovchi boshqa nomlar qo‘llanishi oldini olish uchun talab etiladi. JSST, FAO va Jahon hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash tashkiloti o‘rtasida mavjud qoidalarga ko‘ra, biz geografik nom, hayvon, odam yoki odamlar guruhi bilan bog‘liq bo‘lmagan, shu bilan birga kasallik bilan bog‘langan va talaffuz etilishi oson bo‘lgan nom topishimiz kerak edi», dedi Gebreyyesus Jyenevadagi matbuot anjumanida.
JSST rahbarining tushuntirishicha, nomdagi CO birikmasi koronavirusni, VI - virusni va D kasallikni anglatadi, ya'ni COVID «Corona Virus Disease» (koronavirus bilan chaqiriluvchi kasallik) iborasining qisqartmasi hisoblanadi. «19» soni esa u aniqlangan yil – 2019 yilni anglatadi.
Mingdan ortiq qurbon

Dushanba kuni Xubey provinsiyasining o‘zida koronavirusdan 103 kishi vafot etdi. Epidemiya boshlanganidan buyon Xitoy hududida virusdan halok bo‘lganlarning jami soni 1017 kishiga yetgan. Ammo dushanba kuni koronavirus bilan zararlanganlar soni avvalgi kuni zararlanganlar sonidan 20 foizga kamaydi - 3062 nafardan 2478 nafarga.

Ayni vaqtda mamlakat hududida 42 694 kishida kasallik holati qayd etilgan. 37 726 kishi hozirda davolanishda bo‘lib, ulardan 7333 nafarining ahvoli og‘ir. Jami 3996 kishi kasallikdan davolanib, tibbiyot muassasasidan uyiga javob berib yuborilgan.


















