«G‘ishtko‘prik» chegara-bojxona posti

Rasmiy ma'lumotga ko‘ra, 2019 yilda O‘zbekiston bojxona chegaralari orqali 42,6 mln. jismoniy shaxs o‘tib qaytgan.

Jumladan, Qozog‘iston bilan chegaralardagi postlardan o‘tgan jismoniy shaxslar soni 16,2 mln nafarni, avtotransport vositalari soni esa 718,1 mingtani tashkil qilgan.

«G‘ishtko‘prik» chegara-bojxona post boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Saidovning aytishicha, 2020 yilning 1 yanvariga qadar jismoniy shaxslarning belgilangan me'yorlardan ortiqcha tovarlari uchun umumbelgilangan tartibda bojxona to‘lovlari undirilgan.

Masalan, bu kiyim-kechaklar uchun 61 foiz, televizorlar uchun 84 foiz, shokoladlar uchun – 61 foizni tashkil qilgan.

Ilgari bojxona to‘lovlarini umumbelgilangan tartibda hisoblash va undirish jarayonlariga har bir jismoniy shaxs uchun 40-50 daqiqa, tovarlar ortilgan 1 ta yengil avtotransprot vositasiga esa o‘rtacha 2 soat vaqt sarflangan.

Endilikda esa 1 nafar jismoniy shaxs uchun o‘rtacha 10 daqiqa, tovarlar ortilgan 1 ta yengil avtotransport vositasi uchun esa 15 daqiqa kifoya qilmoqda.

Otabek Choriyev, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i

Ma'lumki, jismoniy shaxsga havo yo‘llari orqali kirib kelishda – 2000 AQSh dollari, temir yo‘l orqali – 1000 AQSh dollari, avtomobilda yoki piyoda ravishda kirib kelsa – 300 AQSh dollari miqdoridagi shaxsiy ehtiyoj uchun mo‘ljallangan tovarlarni bojsiz olib kirishga ruxsat etiladi.

Tadbirda aytilishicha, «G‘ishtko‘prik» chegara-bojxona posti O‘zbekistondagi yirik postlardan biri hisoblanadi va turli xil navbatda kutish kabi holatlarning oldini olish maqsadida fuqarolar chiqish va kirish postlari alohida-alohida qurilgan.