

Shikoyat xatida yozilishicha, Xo‘jaobod tumanidagi 23-sonli davlat ixtisoslashtirilgan maktab internati 2018 yil qayta ta'mirlashga topshirilgan. Ta'mirlash ishlari vaqtida internat o‘quvchilari 18-umumta'lim maktabida o‘qishni davom ettirishgan.
2019-2020 o‘quv yili avvalida, sentabr oyidan 23-DIMI o‘quvchilari to‘liq ta'mirlanmagan, isitish tizimi nosoz va ta'mirtalab holatda qolgan sinfxonalarga qaytishgan. Qishki mavsumda bolalar shamollab qolgan vaziyatlar ham kuzatilgan.

Ota-onalar oxiriga yetkazilmagan maktab qurilish ishlari bo‘yicha tuman Xalq qabulxonasi, tuman hokimligi (hokimning birinchi o‘rinbosari), xalq ta'limi bo‘limi, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi va viloyat prokuraturasiga og‘zaki tarzda murojaat qilishgan. Lekin bu murojaatlar natijasiz qolgan.

Joriy yil 8 fevral kuni maktabda o‘tkazilgan ota-onalar yig‘ilishida sinflardan birining rahbari xonalarni ta'mirlash uchun 50 ming so‘mdan pul yig‘ish kerakligi, 3-A va 5-A sinf o‘quvchilarining ota-onalari pul yig‘ib, ta'mirlashni boshlashganini aytgan. Bundan norozi bo‘lgan ota-onalar masala bo‘yicha yuqori tashkilotga murojaat qilishlarini bildirishganida, murojaat baribir hal bo‘lmasligi, bu orada ularning farzandlari sovuqda va chang ichida o‘qishda davom etishini ma'lum qilishgan.

Shikoyat xatida ko‘rsatib o‘tilgan mana shu holatlarga oydinlik kiritish hamda maktabdagi haqiqiy ahvol bilan tanishish uchun Xo‘jaobod tumaniga bordik. Manak qishlog‘i guzari yaqinida murojaatchi ota-onalar kutib turishgan ekan.

«Farzandim 23-DIMIda o‘qiydi. Qishki mavsumda ko‘p kasal bo‘lgani uchun sinfxonalardagi holatni o‘rganish maqsadida maktabga borgandim. Xonalar juda achinarli holatdaligi, sovuqligi, polga solingan linoleum to‘shama to‘liq emasligi, bori ham ko‘chib ketganini ko‘rib jonim achidi. Bu masala bo‘yicha bir necha tashkilotga murojaat qildik, ammo foydasi bo‘lmadi», deydi Nigoraxon Rahimova.























