Xalq ta'limi vazirligi tomonidan «Xalq ta'limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi to‘g‘risida»gi qaror loyihasi ishlab chiqilib O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan edi.
Ushbu qaror loyihasida 2021 yil 1 yanvardan boshlab, xalq ta'limi muassasalari rahbarlari uchun davriyligi 3 yildan iborat, o‘qituvchilar uchun davriyligi 5 yildan iborat majburiy kasbiy litsenziyalash tartibi bosqichma-bosqich joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Bugun, 3 dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalq ta'limi mutasaddilari ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Alisher Umarov ushbu yangilik bo‘yicha to‘liq izoh berdi.
Xorijda o‘qituvchi uchun litsenziya beriladimi?
Maktablarda ayni paytda 461 ming nafar o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Tahlillar asosida aniq bo‘ldiki, ularning salohiyati unchalik yuqori emas. Bu holatda qanday qilib kadrlar masalasini ijobiy hal qilish mumkin?
Yetakchi davlatlar tajribasiga nazar solsak, AQShning har bir shtatida o‘qituvchi bo‘lish uchun alohida imtihon topshirilishi talab etilishiga guvoh bo‘lamiz.
Bunda maktab o‘z talablariga javob beradigan, imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘qituvchiga dars o‘tish huquqini beruvchi sertifikat taqdim qiladi. Bundan tashqari, AQShda hamma shtatda dars berish huquqini beruvchi sertifikat ham berilishi mumkin.
Xuddi shunday tizim Yaponiya, Janubiy Koreya, BAAda ham mavjud.
Chet eldagi faoliyatim davomida turli davlatlarda ustozlik qilayotgan hamyurtlarimizni ko‘p uchrataman. Ular ham xalqaro o‘qituvchilik kasbiy litsenziyasi uchun imtihon topshirishgan. Biz ham zamonaviy tarzda jahon standarti asosida ishlash uchun ushbu tizimni joriy etishimiz zarur bo‘ladi.
Nega «litsenziya» so‘zini noto‘g‘ri tushunishyapti?

Ayni paytda ko‘pchilik san'at sohasida beriladigan litsenziya yoki boshqa turli taassurotlari tufayli xalq ta'limi tizimiga joriy etiladigan litsenziya haqida noto‘g‘ri fikrga boryapti.















