O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 fevral kuni meva-sabzavotchilik klasterlarini samarali tashkil qilish, paxtachilik klasterlari faoliyatini takomillashtirish hamda davlat ehtiyojlari uchun paxta va g‘alla yetishtirish tizimidan bosqichma-bosqich voz kechish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

«Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyot rivoji, aholi bandligi va daromadlari o‘sishini ta'minlaydigan eng muhim sohalardan biri. Shu bois uni zamon talablari, strategik yondashuvlar asosida taraqqiy ettirish choralari ko‘rilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 23 oktyabrdagi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi qabul qilindi. Oliy Majlisga Murojaatnomada barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ham aniq yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi.

2025 yilgacha mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 100 milliard dollar, yillik eksportni 30 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu ko‘rsatkichlarga erishish uchun qishloq xo‘jaligi sohasida ham juda katta rezerv va imkoniyatlar bor.

Meva-sabzavot eksportini tizimli tashkil qilish, mahsulot ishlab chiqaruvchi bilan eksportyor o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish maqsadida meva-sabzavotchilik va uzumchilikda ham klaster tizimi joriy qilinmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 11 dekabrdagi qarori bilan bu boradagi barcha tashkiliy-huquqiy asoslar yaratib berildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Videoselektor yig‘ilishida meva-sabzavotchilik va uzumchilik klasterlari faoliyatini samarali tashkil qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Avvalo, tizimdagi shartnomaviy munosabatlarni to‘g‘ri shakllantirish, mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va eksportchining manfaati, majburiyati hamda javobgarligini aniq belgilash muhimligi ta'kidlandi.

Klasterlar takliflari asosida eksportbop ekinlarni joylashtirib, zarur urug‘lik, ko‘chat, mineral o‘g‘it, yoqilg‘i masalasini hal qilish va ularning ta'minotini tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Joylarda klasterlar faoliyatini samarali tashkil etishga viloyatlar va tumanlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari shaxsan mas'ul etib belgilandi.