O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 fevral kuni tadbirkorlik faoliyatida litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartibini tubdan takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
«Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga o‘tgan oyda yo‘llangan Murojaatnomada tadbirkorlik faoliyatida litsenziyalash tartibini qayta ko‘rib chiqish va yaxshilash yuzasidan aniq vazifalar belgilab bergan edi.
Ilg‘or xorijiy tajriba asosida litsenziya va ruxsatnomalar turlarini qisqartirish, ularni berish tartibini soddalashtirish va tegishli talablar bajarilishini monitoring qilishning oshkora mexanizmlarini ishlab chiqish hozirgi davr talabidir.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-ombudsman tarkibida maxsus Ishchi guruh tuzilgan.
Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur Ishchi guruh ishini tashkil etishdagi asosiy yo‘nalishlarni belgilab berdi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Avvalo inson sog‘ligiga va jamiyatga ziyon yetkazmaydigan faoliyat turlari litsenziyalashdan chiqarib tashlanishi lozimligi ta'kidlangan.
«Masalan, o‘quv markazlaridagi o‘qitish jarayoni fuqarolarning hayoti va sog‘ligiga ziyon yetkazmasa-da, litsenziyalanadi. Ayni paytda, ayrim litsenziya shartlari sohada raqobatni ham cheklamoqda.
Xususan, kredit tarixi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni tarqatish bilan yagona kredit byurosi shug‘ullanib, bozorga boshqa tadbirkorlar kirishiga deyarli imkon yo‘q. Kredit byurosini ochish uchun kamida 10ta tijorat bankining roziligini olish talab etiladi. Mavjud 30ta bankdan 26tasi ushbu yagona kredit byurosining muassisi hisoblanib, qolgan 4ta bank yangi byuro tashkil etishga rozilik bergan taqdirda ham tashabbuskor litsenziya ololmaydi.
Shu bilan bir qatorda, tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning muqobil usullarini keng joriy etish lozimligi qayd etildi.
Xorijiy tajribada litsenziyalash o‘rniga xabardor qilish, majburiyatni sug‘urtalash, o‘zini-o‘zi boshqarish, texnik tartibga solish kabi muqobil usullar mavjud. Misol uchun, turar joy obektlarini noturar sifatida qayd etish uchun tadbirkor alohida ruxsatnoma olishi kerak. Vaholanki, buning uchun davlat idoralari xabardor qilinsa kifoya bo‘lishi mumkin.

















