O‘zbekistonda gender tengligini ta'minlash komissiyasi a'zosi Saida Mirziyoyeva 17-18 fevral kunlari Dubayda bo‘lib o‘tgan Butunjahon ayollar forumida ishtirok etdi.

Forumning dastlabki kunida so‘zga chiqqan Mirziyoyeva nutqini yakunlagach, mavzu yuzasidan anjuman mezbonlarini qiziqtirgan savollarga javob berdi.

– Fikringizcha, nega gender tengligi O‘zbekiston hukumati uchun muhim? 

– O‘zbekistonning yangi strategiyasida inson huquqlarini ta'minlash muhim jihatlardan biridir, bunga esa xotin-qizlar huquqlarini ta'minlamasdan erishib bo‘lmaydi.

Ayollar O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan, lekin ularning mehnati doim ham munosib baholanmagan. Shu bois, bugun prezidentimizning xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini o‘zgartirishga qaratilgan doimiy sa'y-harakatlari tufayli mamlakatimizdagi gender vaziyat o‘zgardi.

Gender mutanosibligi ayollarning qaror qabul qilishdagi rolini oshiradi, natijada mamlakat ijtimoiy muammolarni yanada samarali hal qila oladi, chunki ayollar ijtimoiy masalalarga ko‘proq ta'sirchan.

– O‘zbekiston gender tengligi masalalari bo‘yicha komissiyasi faoliyatining g‘oyasi va vakolatlari haqida ko‘proq so‘zlab bersangiz.

– Biz O‘zbekistonda gender tenglikni ta'minlash uchun qonunchilik bazasini yaratdik, bu oson kechmadi. Bu qonunlarni amaliyotga tatbiq etish bundan ham murakkab bo‘lishini anglaymiz. Shuning uchun komissiyaning bosh vazifasi – gender siyosatini hayotimizning barcha jabhalariga joriy qilish. Biz gender tengligi barcha davlat tashkilotlarida ro‘yobga chiqarilishini kuzatamiz va qo‘llab-quvvatlaymiz.

Shuningdek, komissiya jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan gender alomati bo‘yicha kamsitish bilan bog‘liq shikoyatlarni hal qilishda yuridik yordam ko‘rsatadi. Komissiya odamlarga gender tenglik masalalarini tushuntirish va ularning gender masalasiga daxldorlik hissini oshirish uchun ham mas'ul.