«Mo‘jiza sodir bo‘lmaydi» kitobi bilan tanilgan Li Myon Bak qanday inson edi?

Qamalish sababi

Korrupsiyada ayblangan sobiq prezident 2018 yil 5 oktyabrda hibsga olingandi. U qamoqda bir yil o‘tirgach salomatligi yomonlashgani bois garov evaziga ozodlikka chiqarilgandi, ammo sud 2020 yil 19 fevral kuni sobiq prezidenti yana 17 yilga ozodlikdan mahrum etish bo‘yicha hukm chiqardi.

Janubiy Koreyani 2008-2013 yillar davomida boshqargan Li Myon Bak akasiga tegishli bo‘lgan DAS korxonasining asl egasi ekanligi aytilgan holda kompaniyani rivojlantirishda prezidentlik vakolatini suiiste'mol qilganlikda aybdor deb topildi. Shuningdek, sobiq prezident hujjatlarda avto ehtiyot qismlari sotish bilan shug‘ullangani aytilgan, aslida esa kompaniya hisob raqamidan yirik korporatsiyalar, xususan Samsung Electronics’dan pora undirish uchun ishlatilgan DAS kompaniyasi bilan aloqadorlikda ayblangan.

Ayni vaqtda 78 yoshda bo‘lgan Li Myon Bak 17 yil qamoqda o‘tirishdan tashqari 15,7 million dollar miqdorida jarima ham to‘lashi kerak.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: o‘z vaqtida butun boshli mamlakat prezidenti bo‘lgan odamni qamash uchun faqatgina pora ayblovi qanchalik haqiqatga yaqin? Albatta, hamma qonun oldida teng, ammo mamlakat rahbari ishi (garchi u sobiq bo‘lsa-da) bundan kattaroq va shov-shuvliroq bo‘lishi kerakdek go‘yo. Aytaylik, bu kimningdir yoki kimlarningdir qasosi bo‘lsachi?

Li Myon Bak prezidentlik vaqtida Shimoliy Koreya bilan munosabatlar maksimal darajada sovib ketgandi. Aynan uning boshqaruvi davrida shimol va janub dengizchilari o‘rtasidagi to‘qnashuvda 46 kishi halok bo‘lgandi. Amaldagi prezident Mun Je In va uning tarafdorlari shimol bilan aloqalar yomonlashgani katta xato bo‘lganini ko‘p marta takrorlagan. Shu bois, Li Myon Bakning qo‘shni mamlakat bilan aloqalari ish ochilishida katta o‘rin tutgan bo‘lishini taxmin qilish mumkin.

Sobiq prezidentga qo‘yilgan ayblovlar 16 banddan iborat. Ular orasida soliqlardan qochish va razvedka tashkilotlarining maxfiy operatsiyalari uchun ajratilgan puldan 9,3 million dollarni o‘zlashtirganlik kabi ayblovlar ham bor.

«Mening ustozlarim qashshoqlik va onam»

Li Myon Bakka qo‘yilayotgan ayblovlar boshqa masala. Keling, uning qanday odam bo‘lgani haqida gaplashsak. O‘zbekistonda uning «Mo‘jiza sodir bo‘lmaydi» asarini o‘qib Koreyaning bu sobiq prezidentiga hurmati oshganlar ham bo‘lsa kerak. Janubiy Koreyaning bo‘lajak prezidenti 1941 yil 19 dekabrda Yaponiyaning Osaka viloyatida tug‘ilgan. Ikkinchi jahon urushi tugagach Myon Bakning ota-onasi o‘z yurtlari Janubiy Koreyaga qaytishadi.