16:30 / 20.02.2020
0
10677

O‘zbekistonda klinikalar va oliy o‘quv yurtlari tashkil etish bo‘yicha loyihalar muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 fevral kuni Anqara shahrida Turkiyaning yetakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari bilan uchrashdi.

Tadbirda Turkiya savdo palatalari va birjalari uyushmasi, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), «Gebze» uyushgan sanoat zonasi, «Ziraat» banki, «Zorlu xolding», «Joshkunoz xolding», «Ekzachibashi», «Baykar», «Dunyagoz», «Kanimed saglik», «Bau global», «Xavelsan» kabi qator kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti bilan o‘tgan muzokaralarda biznes aloqalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga kelishib olinganini ta'kidladi.

«O‘zbekiston kechagi O‘zbekiston emas. Bugun mamlakatimizga kirgan kompaniya albatta manfaat topadi. Men bunga kafolat beraman. Buning uchun zarur huquqiy, institutsional sharoitlar yaratib beriladi», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Prezidentimiz har bir xorijiy tashrif chog‘ida ishbilarmonlar bilan uchrashadi. 2017 yili Turkiyaga davlat tashrifi paytida ham shunday bo‘lgan edi. 2018 yili O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari Toshkentda o‘tgan biznes anjumanda qatnashdi. Bular natijasida ishbilarmon doiralar o‘rtasida ishonch oshdi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik faollashdi.  

Oxirgi yillarda o‘zaro savdo hajmi ikki barobardan ziyodga ortdi. Qo‘shma shirkatlar soni salkam mingtaga ko‘paydi. Transportda tashish ko‘lamlari jadal kengayib bormoqda. 

Bugungi kunda Turkiya kompaniyalari mamlakatimizda qurilish, energetika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, turizm, xizmat ko‘rsatish va  boshqa sohalarda faoliyat yuritmoqda. Bunda qo‘shma sarmoyaviy loyihalar ijrosi nazoratga olingani, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish rag‘batlantirilayotgani muhim omil bo‘lmoqda.  

Masalan, 2019 yilda Turkiyaning «Calik Enerji» kompaniyasi ishtirokida Navoiy issiqlik elektr stansiyasining ikkinchi bug‘-gaz qurilmasi ishga tushirildi. 

Mamlakatimizda 1993 yildan buyon vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatayotgan Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi yurtimizdagi tibbiyot va ta'lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi hamda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga yo‘naltirilgan qator loyihalar hayotga tatbiq etilishida faol qatnashib kelmoqda.  

Turizm ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan. Turkiyalik fuqarolar uchun O‘zbekistonda vizasiz rejim joriy etilgani va yurtimizda ziyorat turizmiga qulay sharoitlar yaratilayotgani sayyohlar oqimi ko‘payishiga sezilarli ta'sir ko‘rsatdi. Samarqand-Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida. 

Uchrashuvda, shuningdek, kelishuvlar va imzolangan bitimlarni keng ko‘lamda amalga oshirish, savdo, innovatsiya, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport, turizm, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, boshqa tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni faol ilgari surish muhimligi ta'kidlandi. 

Turkiyalik ishbilarmonlar o‘tgan yili O‘zbekistonga borgani, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida o‘zgarishlarga, odamlarda «islohotlar tafakkuri»ga guvoh bo‘lganini ta'kidladi. O‘zbekiston bozoriga kirish, hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish niyatida ekanini bildirdi. 

Bugungi uchrashuvda O‘zbekiston bilan Turkiyaning vazirlik va kompaniyalari o‘rtasida aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro mahsulot yetkazib berish va xizmat ko‘rsatishni kengaytirish, klinikalar va oliy o‘quv yurtlari tashkil etish bo‘yicha aniq loyihalar muhokama qilindi. Prezident bu rejalarni ma'qullab, mutasaddilarga tez fursatlarda amaliy ishlarga o‘tish, byurokratik to‘siqlarsiz ularni hayotga tatbiq etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top