Vazirlar Mahkamasining “Buxoro shahrining 2040 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Buxoro viloyati hokimligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishilgan Buxoro shahrining 2040 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasining asosiy yechimlari va texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari tasdiqlanadi.

Buxoro viloyati va Buxoro shahar hokimliklari tasdiqlangan shahar bosh rejasiga muvofiq:

a) Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qisqa, o‘rta va uzoq muddatli istiqbollarga mo‘ljallangan qurilish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish istiqbollarini rejalashtirishni hisobga olgan holda loyihaning birinchi bosqichi 2028 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Buxoro shahrini kompleks qurish Dasturi loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadilar;

Buxoro shahrining tasdiqlangan bosh rejasi asosida, Buxoro shahri chegara chizig‘i loyihasini 2020 yil 1 iyungacha Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda taqdim etadi.

b) manfaatdor vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda quyidagilarni ta'minlaydilar:

shahar yerlaridan maqsadsiz foydalanishga va noqonuniy qurilishlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan qat'iy nazorat o‘rnatish yo‘li bilan ulardan samarali foydalanish;

umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari va magistral ko‘chalar, yo‘l o‘tkazgichlar va avtobekatlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlashni hisobga olgan holda yo‘l-transport infratuzilmasi tizimini takomillashtirish;

energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yo‘li bilan suv ta'minoti, kanalizatsiya, irrigatsiya, elektr ta'minoti, gaz ta'minoti, issiqlik ta'minoti va telekommunikatsiyalar obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish yo‘li bilan muhandislik-kommunikatsiya tuzilmasini modernizatsiya qilish;

hududning shaharsozlik qiyofasini shakllantiruvchi mavjud maydonlar, obodonlashtirilgan xiyobonlar va bog‘larni rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish yo‘li bilan arxitektura-rejalashtirishni yaxshilash ishlarini tashkil etish hamda arxitektura ansambllari yaratish;