O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 fevral kuni sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha galdagi muhim vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

«Davlatimiz rahbari faoliyatining ilk kunlaridan tinchlik va sog‘likni ta'minlashni ijtimoiy hayotimizning eng muhim yo‘nalishlari etib belgilagan edi. O‘tgan yillarda bu borada ulkan islohotlar amalga oshirildi.

2018 yil 7 dekabrdagi Prezident farmoniga muvofiq, 2019-2025 yillarda Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi hamda tegishli dastur tasdiqlandi. Barcha hududlarda shifoxonalar bunyod etilib, zamonaviy jihozlanmoqda. Davlat muassasalari bilan bir qatorda xususiy tibbiyot yo‘nalishi ham jadal rivojlanmoqda. Davolash faoliyati turlari 50tadan 126taga ko‘paytirilib, qator imtiyozlar berilgani tufayli o‘tgan yili 634ta xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etildi.

Odamlar eng ko‘p murojaat qiladigan shoshilinch va tez yordam yo‘nalishida markazlashgan yaxlit tizim yaratildi. Tez yordam brigadalarining soni 818tadan qariyb 2 mingtaga yetkazildi va aholiga yanada yaqinlashtirildi. Ixtisoslashgan avtomashinalar parki yangilandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil yanvar oyida Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida sohadagi islohotlarni davom ettirib, tibbiy xizmat sifatini oshirish, xususiy tibbiyotni rivojlantirish, adolat va raqobatni ta'minlash bo‘yicha o‘z mulohazalarini bayon etgan edi.

Bugungi yig‘ilishda ushbu vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Avvalo, ixtisoslashgan tibbiy yordam sifati va ko‘lamini oshirish lozimligi ta'kidlandi.

Mamlakatda har 10 ming aholiga 23 nafar shifokor to‘g‘ri kelayotgani, mahalliy tibbiyot xodimlari ko‘nikmasini oshirishga e'tibor qaratilmayotgani, ixtisoslashgan markaz va hududiy muassasa o‘rtasida vertikal tizim shakllanmagani qayd etib o‘tilgan.

Davolanish uchun order berish tizimida ijtimoiy adolat ta'minlanmayotgani, bu jarayonda faqat davlat muassasalari ishtirok etishi raqobatni cheklayotgani ko‘rsatib o‘tilgan. Shu bois order berish tizimini takomillashtirish va ochiqligini ta'minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.