Rossiyada millionlab muhojirlar yashamoqda – yoshlar va butun boshli oilalar Moskvaga va boshqa yirik shaharlarga pul ishlash, vatanida qolgan yaqin qarindoshlarini boqish uchun kelishadi. Yillar davomida u yerda oddiy rossiyaliklarning ko‘zidan yashirin infratuzilmalar shakllangan.

Iqtisodiyot oliy maktabining Ijtimoiy siyosat institutidagi ijtimoiy siyosat izlanishlari markazi mudiri Yekaterina Deminseva bir necha yillardan beri Markaziy Osiyodan borgan mehnat muhojirlarining hayotini o‘rganmoqda.

«Lenta.ru» nashri u bilan suhbat qilib, muhojirlarning hayoti, yashash joyini qanday topishlari, o‘z klinikalari, shaxsiy hayoti va qiziqishlari haqida so‘radi.

«Lenta.ru»: Keling umumiy tushunchalardan boshlaymiz. Markaziy Osiyodan kelgan zamonamiz mehnat muhojirining umumiy portretini yasashimiz mumkinmi?

Deminseva: Ha, deya olmayman. 10 yil oldin buni qilishimiz mumkin edi. Odatda u pul topish uchun kelgan yosh yoki o‘rta yashar erkak bo‘lgan. Hozirgi muhojirlarning qiyofasi xilma-xil. U maktabni endi tugatgan va Rossiyada 10 yildan beri yashayotgan ota-onasining oldiga kelgan yosh yigitcha yoki pul topish uchun qarindoshlari oldiga kelgan yosh qiz bo‘lishi mumkin.

Yoki bolalarini boqish uchun kelgan, turmushidan ajrashgan yoki beva bo‘lgan o‘rta yashar yolg‘iz ayol bo‘lishi ham mumkin. Yil sayin ularning xilma-xilligi oshib bormoqda.

Pul topish ularning yagona maqsadimi?

– Asosiy maqsadi desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Muhojirlar vatanida qolgan oilasini boqish uchun mehnat qilishadi. Ularning yurtida ish yo‘q va Rossiyaga kelish ular uchun pul topishning yagona yo‘li. O‘z navbatida, agar mehnat qilishmasa, Rossiyada och qolishadi. Chunki ular uchun bu yerda hech qanday ijtimoiy dasturlar, ijtimoiy uylar yo‘q.

Kim yaxshi ish topsa, oilasini Rossiyaga olib keladi. Bu juda ommalashgan deyishdan yiroqman. Ammo bolalarini bu yerga olib kelayotganlar ularning kelajagini o‘ylab, yaxshi tibbiyot, yaxshi ta'lim, yaxshi ish ilinjida shunday qilishadi.

Boshqacha aytadigan bo‘lsak, muhojirlarning ko‘pchiligi Rossiyada qolish uchun emas, balki vaqtincha kelishadimi?