Bugun, 28 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma'lumot berildi.

«Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, virus boshqa mamlakatlarda Xitoyning o‘ziga qaraganda tezroq tarqalmoqda. So‘nggi bir kun ichida Italiyada kasallanganlar soni uch barobarga ko‘paydi va hozirgi kunda 650 nafardan oshdi. Saudiya Arabistoni rasmiylari ehtiyot chorasi sifatida ziyoratchilarning mamlakatga kirishini vaqtincha taqiqlab qo‘ydi.

COVID-19 infeksiyasi bo‘yicha yuzaga kelgan bunday noxush vaziyat mazkur kasallikning yurtimizga chetdan kirib kelish xavfini oshirmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 yanvar kuni «O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining tashkil etish to‘g‘risida»gi Farmoyishi qabul qilinib, tizimli choralar amalga oshirilmoqda», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Anjumanda ayni paytda mamlakatga yuqumli kasalliklar, jumladan, COVID-19 infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralarida 53ta sanitariya-karantin punktlari xalqaro talab va mezonlar asosida faoliyat ko‘rsatayotgani qayd etib o‘tilgan.

Bugungi kunda ushbu punktlarda boshqa tarmoq xodimlari qatorida 250 nafardan ziyod yuqori malakali sanitariya-epidemiologiya xizmati mas'ullari belgilangan standartlar bo‘yicha ish olib bormoqda. O‘zbekistonga koronavirusni aniqlash bo‘yicha zamonaviy test-sistemalari, shuningdek, tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalari, tibbiy texnika va tibbiy buyumlar zahirasi yaratilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida uzluksiz 24 soat davomida faoliyat ko‘rsatuvchi shtab tashkil qilingan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.

«Lekin bu xotirjam bo‘lishga asos bo‘la olmaydi. Shuning uchun ham kecha dastlab Sog‘liqni saqlash vazirligida, so‘ng Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir rahbarligida «Epidemiyaga qarshi kurash favqulodda komissiyasi»ning navbatdagi yig‘ilishida ham bu borada kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifalar belgilab berildi.