Prezidentning “Transport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Transport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti va Toshkent davlat texnika universitetining aviakosmik texnologiyalari fakulteti negizida Toshkent transport universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Belgilab qo‘yilishicha:
Universitet transport sohasi uchun oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;
Universitet tasarrufi bo‘yicha Transport vazirligiga idoraviy bo‘ysunadi;
Universitet Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti hamda Toshkent davlat texnika universitetining aviakosmik texnologiyalari fakultetining barcha huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Universitet Toshkent shahar, Odilxo‘jayev ko‘chasi, 1-uyda joylashtiriladi.
Universitetning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:
transport sohasining ehtiyojlaridan kelib chiqib, xalqaro standartlar va ilg‘or ta’lim texnologiyalarini qo‘llash asosida oliy ma’lumotli raqobatbardosh mutaxassislar va ilmiy – pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
transport sohasiga raqamli texnologiyalarni joriy etish, sohaning ilmiy muammolari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion izlanishlar olib borish va natijalarini amaliyotga joriy etish;
o‘quv rejasi va fan dasturlarida sohaning zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, yuqori unumli va ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha bilimlarni aks ettirish, ta’lim berish jarayonida nazariya va amaliyot birligini ta’minlash orqali universitet bitiruvchilarining mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish;
fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash;
qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy ta’lim dasturlarini tatbiq etish, professor-o‘qituvchilar, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning xorijda malakasini oshirish va stajirovkalarini tashkil etish hamda bitiruvchilarning magistratura, aspirantura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olishlarini ta’minlash maqsadida xorijiy yetakchi oliy ta’lim va ilmiy muassasalar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;







