Tadbir ishtirokchilari Afg‘onistondagi tinchlik jarayonida O‘zbekistonning roli qay darajada bo‘lganligi haqida so‘zlab berishdi.
Markus Potsel, GFRning Afg‘oniston va Pokiston masalalari bo‘yicha maxsus vakili:

— Afg‘oniston Markaziy Osiyoning bir qismi hisoblanadi. Germaniya Afg‘oniston masalasida uzoq yillardan buyon hamkorlik qilib kelmoqda.
Hamkorlik doirasida afg‘on yoshlarini o‘qitish bo‘yicha grantlar ajratilmoqda. O‘zaro hamkorlikning yorqin misoli sifatida beshtomonlama yondashuvni tilga olish mumkin, unga ko‘ra Qatar, Norvegiya, Indoneziya, O‘zbekiston va Germaniyaning sa'y-harakati bilan Afg‘onistondagi turli kuchlar va guruhlar o‘rtasida muloqot o‘rnatilmoqda.
Germaniya O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishida muhim o‘ringa ega, deb o‘ylaydi. Aynan O‘zbekiston prezidenti Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishiga yo‘naltirilgan xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. Bundan tashqari, GFR prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerning 2019 yil mayida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyev bilan Afg‘oniston mavzusi chuqur tahlil qilingan edi.
«Tolibon» harakatining Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbarining o‘rinbosari Abdussalom Hanafiy o‘z fikrlarini o‘zbek tilida bayon qildi:

— Janob prezident Mirziyoyevning Afg‘onistondagi tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik borasidagi ijobiy tashabbuslarini yuqori baholaymiz. Afg‘oniston va O‘zbekiston xalqi tarixan biri-biri bilan do‘st va og‘a-ini. Ushbu mintaqada yashayotgan barcha mamlakatlar va barcha millatlar bir vujudmiz. Inshaalloh, kelajakda ham og‘a-ini bo‘lib yashashimiz kerak. Afg‘onistonning xavfsizligi bu O‘zbekistonning ham xavfsizligidir.
Qori Din Muhammad, «Tolibon» harakatining Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbarining o‘rinbosari:

— Uzoq yillardan buyon, qariyb 40 yildan beri Afg‘onistonda urush davom etmoqda. Bizga va qo‘shnilarimizga urushning tugashi, tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi juda muhim. O‘zbekiston prezidenti Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi uchun tashabbuslar ilgari surganini bilamiz va bugun biz bu tarixiy natija ostonasida turibmiz.















