O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi mamlakat fuqarolariga murojaat qildi.

«Hurmatli fuqarolar, Koreya Respublikasida koronavirusning tarqalishi tez sur'atlarda oshib borayotgani sababli mamlakat Adliya vazirligi tomonidan (ID card asosida) xorijiy shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib qonuniy yurgan shaxslarning vizalari avtomatik tarzda 2020 yil 30 aprelga qadar uzaytirganini ma'lum qilamiz.

Buning uchun xorijiy shaxslarning migratsiya xizmati idoralariga borishlari talab etilmaydi.

Bu tartib Koreya Respublikasi xududida 2020 yilning 24 fevraliga qadar qonuniy tarzda bo‘lgan xorijiy shaxslarga nisbatan qo‘llanadi.

Shu bois, ushbu holat Sizning Koreyani tark etishingizga zarurat tug‘dirmasligini ma'lum qilamiz», deyiladi elchixona xabarida.

Elchixona ushbu mamlakatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini xotirjam bo‘lishga va «O‘zbekistonga qaytishga qaratilgan provokatsion chaqiriqlarga berilmaslikka» ham chaqirgan. Diplomatik vakolatxona Koreya Respublikasi hukumati koronavirus aniqlangan taqdirda xorijiy fuqarolarga bepul malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishini kafolatlaganini eslatib o‘tdi.

«Koreya Respublikasi hukumati tomonidan koronavirusga qarshi kurashish va uning tarqalishini oldini olish bo‘yicha tibbiyot sohasidagi eng zamonaviy texnologiyalar va tezkor diagnostika uslublarini qo‘llanilgan holda qo‘shimcha chora-tadbirlar tadbiq etilmoqda», deyiladi xabarda.

Koronavirus infeksiyasining oldini olish uchun O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi quyidagilarni tavsiya qildi:

  • jamoat joylariga chiqmaslik;
  • nafas olish organlarida kasallik belgilari mavjud bo‘lgan odamlar bilan muloqot qilmaslik;
  • maxsus gigiyenik niqoblardan foydalanish;
  • faqat issiq va yaxshi pishirilgan taomlar iste'mol qilish;
  • ovqatlanishdan oldin qo‘llarni yaxshilab yuvish;
  • antiseptik mahsulotlardan foydalanish;
  • hayvonlar oldiga yaqinlashishdan saqlanish;
  • agar isitmangiz ko‘tarilib, respirator kasallik alomatlarini sezsangiz, darhol 1339 telefon raqamiga ko‘ng‘iroq qiling.