Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari, olimlari, tadqiqotchi yoshlar bilan uchrashdi.

Ochiq muloqot, suhbat, o‘zaro fikr almashish ruhida o‘tgan mazkur uchrashuvda viloyatimizda tashkil etilib, bugungi kunda faol ish olib borayotgan meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan agroklasterlar rahbarlari, tuman hokimlari ham qatnashdi.

Fanlar akademiyasi tasarrufidagi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti laboratoriya mudiri Baxtiyor Rasulov bir necha yillardan buyon qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishga mo‘ljallangan loyiha ustida ish olib bormoqda. U yaratgan ishlanma ayni paytda qishloq xo‘jaligida faol qo‘llanilmoqda. Muloqot davomida Baxtiyor Rasulov Toshkent viloyati hokimiga o‘zi ixtiro qilgan qishloq xo‘jaligi uchun ishlanmalarini Toshkent viloyatida joriy etish taklifini bildirdi.

Baxtiyor Rasulov, O‘zR FA tadqiqotchisi:

– Qishloq xo‘jaligi kasalliklariga qarshi qo‘llanilayotgan agroximikatlar me'yorlariga amal qilmaslikda, patogen mikroorganizmlar tabiatini to‘liq o‘rganmay turib, ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqish xato. Ya'ni o‘simlikning tabiatini bilmasdan turib, turli kimyoviy vositalarni qo‘llayverish o‘simliklarda stress holatlarini keltirib chiqaradi. Bu esa, o‘z navbatida, hosildorlikka salbiy ta'sir ko‘rsatadi, natijada kutilgan hosil olinmaydi.

Yosh olim, shuningdek, o‘zi mehnat qilayotgan institutda bu yo‘nalishda qator loyihalar amalga oshirilganini, xususan, fitopatogen mikroorganizmlarni aniqlash, ularning tarqalish hududini o‘rganish, ularga qarshi tabiiy kushandalar orqali kurashish biotexnologiyalari mavjudligini, amaliyotga joriy etish mumkinligini bildirdi.

Yadro fizikasi instituti yetakchi olimi Ahror Qoraxo‘jayev Toshkent viloyatidan ichki hududlarga, poytaxtga yetkazib berilayotgan ichimlik suvini kimyo sohasidagi eng so‘nggi ilmiy ishlanmalardan foydalangan holda, muntazam ravishda tozalab borish yuzasidan o‘z taklif-mulohazalarini bildirdi. Olimning aytishicha, ayni paytda Chirchiq daryosining yuqori o‘zanidan poytaxt viloyati va poytaxtga yetkazib berilayotgan toza ichimlik suvining sifati jiddiy nazoratga, fanning aralashuviga muhtoj.

Tadbirda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan Toshkent viloyati hokimi munosabat bildirar ekan, olimlar tomonidan kun tartibiga qo‘yilgan barcha masalalarni chuqur o‘rganib, amaliyotga joriy etish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar ko‘rilishini bildirdi.