Qayd etilishicha, quyidagilar:
Prezidentning “Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 3 apreldagi PQ-4265-son qaroriga asosan “Ammofos-Maksam” AJ negizida 2019-2024 yillar davomida fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarish hajmlarini kamida 100 ming tonnaga oshirish chora-tadbirlarining mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini II bosqichda (1-bosqichda - 20 ming tonna, 2-bosqichda - 80 ming tonna) modernizatsiya qilish orqali amalga oshirilishi belgilangan;
Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida kimyo sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 25 oktyabrdagi PQ-3983-son qaroriga asosan “Navoiy KMK” DKning Qizilqum fosforit kombinatining mulk kompleksi qoldiq balans qiymatida “O‘zkimyosanoat” AJ ustav kapitaliga davlat ulushi sifatida kiritilib, 100 foiz ulushi “O‘zkimyosanoat” AJga qarashli “Qizilqum fosforit kompleksi” MChJ tashkil etilgan;
Prezidentning “Kon-metallurgiya tarmog‘i korxonalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 17 yanvardagi PQ-4124-son qaroriga asosan 2026 yilgacha “Olmaliq KMK” AJga 2,9 mlrd AQSh dollari miqdorida investitsiyalar jalb etish va 2023 yilgacha mis ishlab chiqarish hajmini 28 foizga, rux ishlab chiqarish hajmini 75 foizga oshirish nazarda tutilgan;
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJda (“Olmalik KMK” AJ) mis va rux ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan oltingugurt kislotasining utilizatsiyasi “Ammofos-Maksam” AJda fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqarish texnologik jarayonida amalga oshirilishi hamda “Ammofos-Maksam” AJ “Qizilqum fosforit kompleksi” MChJ tomonidan ishlab chiqariladigan fosforit xomashyosining asosiy iste'molchisidir.
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “O‘zkimyosanoat” AJning istisno tariqasida:
“O‘zkimyosanoat” AJga tegishli “Ammofos-Maksam” aksiyadorlik jamiyati ustav kapitalidagi 51 foiz aksiyalar paketini “Olmaliq KMK” AJga ishonchli boshqaruvga besh yil muddatga berish;
“Qizilqum fosforit kompleksi” MChJ “O‘zkimyosanoat” AJga tegishli 100 foiz ulushini nominal qiymatda “Olmaliq KMK” AJ ustav kapitaliga davlat ulushi sifatida kiritish takliflariga rozilik berildi.
“Olmaliq KMK” AJ “Ammofos-Maksam” AJ va “Qizilqum fosforit kompleksi” MChJning ishlab chiqarish va boshqaruv samaradorligini oshirish choralarini ko‘radi.
“O‘zkimyosanoat” AJning “Ammofos-Maksam” AJ ustav kapitalidagi 51 foiz aksiyalar paketini “Olmaliq KMK” AJga ishonchli boshqaruvga hamda “Qizilqum fosforit kompleksi” MChJning 100 foiz ulushini nominal qiymatda “Olmaliq KMK” AJ ustav kapitaliga davlat ulushi sifatida kiritish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.









