Maksim bilan Kiyevda uchrashganimizda intervyu oldik, xususan Lobanovskiy haqida ko‘plab savollarni berdik. Quyida uning ustozi haqidagi intervyuga kirgan va kirmagan so‘zlarini e'tiboringizga havola qilamiz.

- 1999 yili «Dinamo Kiyev» klubining dunyoga mashhur murabbiyi Valeriy Lobanovskiydan taklif olgansiz. Shu haqda gapirib bersangiz.
- Rossiyaning «Baltika» klubida birinchi davra yakunlanishiga 2 tur qolgan edi. «Dinamo Kiyev»dan ikki seleksioner keldi. Bafurja gaplashdik, ular ko‘rikdan o‘tkazish uchun emas, balki aniq taklif bilan kelishgan ekan. Xullas, gaplashib oldik. 2 turni o‘tkazib Kiyevga yo‘l oladigan bo‘ldim. Shundan keyin Moskvaning «Spartak» klubidan ham vakillar kelib, «oltin tog‘lar»ni va'da qilishdi. Ammo avval ham aytganman - «Dinamo Kiyev»da to‘p tepish bolalik orzum bo‘lgani uchun, hatto «Spartak» taklifini muhokama ham qilmaganman.
Kiyevga borganimdan so‘ng, 1 kun ichida shartnomani kelishib olganmiz. 2 kun o‘tgach, asosiy jamoa mashg‘ulotiga qo‘shilganman.

- Bosh murabbiy Valeriy Lobanovskiy sizni qanday kutib oldi, u bilan nima haqda gaplashdingiz?
- Klub qarorgohiga bordim. Hamma shu yerda ekan – rahbariyat, murabbiylar shtabi, jamoa. Valeriy Vasilevich bilan yuzma-yuz gaplashdik. Uni sof futbolga oid masalalar qiziqtirdi. Menga 2-3 savol berdi. Maketda ba'zi vaziyatlarni ko‘rsatib, fikrim bilan qiziqdi. U yoki bu holatda nima qilishimni so‘radi. Ya'ni, futboldagi qarashlarim uniki va jamoanikiga qanchalik mos kelishini o‘rgandi. Javoblarim uni qoniqtirdi, fikrlarimiz bir joydan chiqdi deb o‘ylayman. 10-12 daqiqa gaplashib oldik. Shundan keyin rahbariyat bilan uchrashdim, qolgan masalalarni muhokama qildik.
- Siz Lobanovskiydan tashqari, Aleksey Mixaylichenko, Yojyef Sabo, Leonid Buryak, Anatoliy Demyanenko (keyinchalik u O‘zbekistonda ham ishlagan), Oleg Lujniy, Yuriy Syomin kabi murabbiylar qo‘l ostida ham o‘ynagansiz. Ulardan qaysi biri sizga eng ko‘p ijobiy ta'sir qilgan?
- Shubhasiz Valeriy Lobanovskiy. U – buyuk shaxs va dunyo miqyosidagi afsonaviy murabbiylardan biri edi. «Dinamo Kiyev»dagi 10 yillik faoliyatimning eng yaxshi qismini uning qo‘l ostida o‘tkazganman. O‘z navbatida boshqa murabbiylardan ham yaxshi narsalarni o‘zlashtirishga harakat qilganman. Masalan, Leonid Buryak: «Futbolchi har doim kuchli xislatlari bilan o‘ynashi kerak. Qo‘lingdan kelmaydigan yoki yaxshi eplay olmaydigan narsalarni qilishga urinma. Eng kuchli jihatlaring bilan o‘yna», deb aytar edi, afsuski u klubda oz vaqt ishladi. Juda to‘g‘ri gaplar, chunki futbolchilar har xil bo‘ladi. Kimdir tezroq yuguradi, kimdir tezroq o‘ylaydi, kimdir to‘p bilan yaxshi ishlaydi. Shu tufayli, har bir murabbiydan yaxshi narsalarni o‘zlashtirib olishga intilganman.










