YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili ofisi tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda fond vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov so‘zga chiqdi.
«Qadrli mehmonlar, yangi O‘zbekiston ko‘plab sohalarda islohotlarni boshidan o‘tkazyapti. O‘zbekiston rahbariyati islohotlarning bosh lokomotivi sifatida kuchli fuqarolik jamiyatini amalda barpo etish, so‘z va matbuot erkinligi, davlat organlarining ochiqligini ta'minlash yo‘lini tanladi.
Asta-sekin inson qadri degan tushunchalar paydo bo‘lyapti, odamlar ham o‘z haqqini talab qilishni o‘rganmoqda. Davlat idoralari esa kuchli jamoatchilik nazoratiga o‘tib borayotganini tushunib yetdi. Ushbu tanlangan yo‘ldan O‘zbekiston ortga qaytmasligi va o‘z pozitsiyasida katiy turishini davlat rahbari ham ko‘p marotaba takrorlamoqda.

Albatta, bu oson jarayon emas. Ochiqlik madaniyati, unga o‘rganish, uni hazm qila olish ham oson emas, lekin jarayon boshlandi, natijalar ham bo‘lyapti. Bu sohaning rivojlanish dinamikasi ham yomon emas, ammo hali oldinda qilinadigan ishlar ko‘p.
Matbuot xodimlarida o‘zini senzura qilish, ko‘rquv bor hali, chunki davlat idoralari xodimlari tomonidan turli tahdidlar, bosimlar, adolatsizliklar uchrab turibdi. Ularni himoya qiladigan yagona organ sud bo‘lishi kerak. Buning uchun eng asosiysi sudlar amalda mustaqil ishlashi, ularda doim adolat bo‘lishi kerak. Har bir norozi fuqaro ko‘chaga chiqishi emas, boradigan joyi sud bo‘lishi kerak va aholida sudlarga nisbatan ishonch kuchli bo‘lishiga erishish kerak.
Shuning uchun ham bugungi tadbirimizga o‘xshagan konferensiyalar, tajriba almashish, doimiy muloqotlar juda muhim.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi sifatida sudlar faoliyatida ochiqlikni ta'minlash bo‘yicha prinsipial pozitsiyamizga e'tibor qaratmoqchiman.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 113-moddasi, «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunning 7-moddasiga ko‘ra, barcha sudlarda ishlar ochiq tartibda olib boriladi. Sud ishlarini yopiq majlisda tinglashga faqatgina qonunda belgilangan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.
Ochiq sud majlislarida jarayon ishtirokchisi bo‘lmagan, jumladan OAV vakillari qatnashishiga ruxsat beriladi, deyilgan me'yoriy hujjatlarda. Matbuotning majlislar zaliga kirishi uchun qonunda nazarda tutilmagan asoslar bilan to‘sqinlik qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak aslida.
















