Jamiyat | 13:29 / 08.03.2020
42622
6 daqiqa o‘qiladi

«Zdes budet park». Toshkent markazidagi bo‘sh yerda ko‘p qavatli uylar qurilishi norozilikka sabab bo‘lmoqda

Foto: KUN.UZ

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda qo‘llarida «Zdes budet park» yozuvini ushlab olgan fuqarolarning chiqishlari ko‘zga tashlanmoqda. Aksiya qatnashchilari – Toshkentning Oybek va Nukus ko‘chalari kesishmasida ko‘p qavatli turar joy majmuasi qurilishidan norozi bo‘lgan bir guruh fuqarolardir.

Ular vaziyatni yoritishni so‘rab, tahririyatimizga murojaat qilishdi. Murojaatni o‘rganish maqsadida aytilgan manzilga bordik.

Dastlabki qarorga asosan, bog‘ qurilishi kerak edi

Ma'lum bo‘lishicha, Mirobod tumanidagi Oybek, Nukus va Xonzodabegim ko‘chalari kesishmasida joylashgan 1,8 gektar yer maydonida ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlangan. Bunga esa shu hudud atrofidagi uylarda yashab kelayotgan fuqarolar norozilik bildirmoqda.

Ularning aytishicha, 1,8 gektarli bu maydonda ko‘p qavatli uy-joylar emas, balki istirohat bog‘i bo‘lishi kerak edi.

Mazkur hudud Vazirlar Mahkamasining «2011-2015 yillarda madaniyat va istirohat bog‘larining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularni yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini yanada mustahkamlash to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida, dastlab Toshkent shahar hokimining 2016 yildagi qarori bilan madaniyat va istirohat bog‘i qurish uchun Madaniyat va sport ishlari boshqarmasiga berilgan.

Biroq, ko‘p o‘tmay shahar hokimining bu qarori bekor qilinadi. O‘tgan yillar davomida shahar hokimining mazkur yer maydoniga oid bir nechta qarorlari chiqariladi.

Hozirgi kunga kelib, yerning egasi – «Silk road group investmens» MChJ bo‘lib turibdi. Bu yerda buyurtma asosida «Murad Buildings» va «BI Group» hamkorligida tashkil etilgan «NRG» kompaniyasi ko‘p qavatli turar-joylar majmuasini qurishni boshlamoqda.

«Bu yerga 9ta ko‘p qavatli uy qurilar ekan. Natijada uyimizga oftob ham tushmay qo‘yadi. Kimga murojaat qilishni bilmay qoldik. 288 kishi petitsiyaga imzo chekib, prezident devonxonasiga topshirdik. Petitsiyaga javoban 2019 yil yanvarida Mirobod tuman hokimi bizga javob qaytardi. Javob xatida bu yer «Silk road group investmens» MChJga ko‘p qavatli turar-joy qurish uchun ajratilgani, agar norozi bo‘lsak, sudga murojaat qilishimiz kerakligi aytilgan.

Qizig‘i, Vazirlar Mahkamasi qarori bekor bo‘lmagan-ku», – deydi biz bilan suhbatda bo‘lgan fuqarolar.

Toshkent shahar hokimligi nima deydi?

Furqat Mahmudxo‘jayev

Vaziyatga izoh olish maqsadida dastlab Toshkent shahar hokimligi bilan bog‘landik. Hokimlik matbuot xizmati rahbari Furqat Mahmudxo‘jayev masaladan xabardorligini aytdi.

«Yakshanba kuni aholi bilan ko‘rishdim va ularning fikrlarini ham eshitdim. Haqiqatan, aholi bu yerda bog‘ bo‘lishi masalasini 2016 yildan beri ko‘tarib kelayotgan ekan.

Aholi bilan uchrashganimda uy qurilishi bo‘yicha mutlaqo norozilik eshitganim yo‘q. Faqat shu uyning yonida yoki o‘rtasida bog‘ qurib berishni va bu bog‘dan aholi ham foydalanishini so‘rashyapti. Biz ushbu murojaatni uy quradiganlarga aytganmiz. Agar yana bir bor aholi bilan ko‘rishib, ularni rozi qilishsa, biz ham xursandmiz.

Bir tomondan, juda katta investitsiya kiritilyapti. Ikkinchi tomondan, aholining ham roziligi olinishi kerak», – deydi Mahmudxo‘jayev.

Toshkent shahar hokimligida fuqarolar, hokimlik va tadbirkor uchrashdi

Toshkent shahar hokimligida Mirobod tumani «Salar» mahallasi fuqarolari va ajratilgan yerga ko‘p qavatli uy qurmoqchi bo‘lgan «NRG» kompaniyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda aholi vakillari ajratilgan yerga ko‘p qavatli uylar qurilishidan noroziligini ma'lum qilishdi. Ular quriladigan uylarni ko‘chaning yuzi bo‘ylab qurishni, shunda bog‘ uchun joy kengayishini va quriladigan bog‘dan hamma birdek foydalanishi kerakligini aytishdi.

Bunga javoban esa tadbirkor Murod Nazarov taklifni hozirda yerning egasi bo‘lib turgan «Silk road group investmens» MChJga yetkazishini va taklif albatta ko‘rib chiqilishini ta'kidladi.

Murod Nazarov

«Boshida ikki tomon (aholi vakillari va tadbirkor – tahr.) bir-biridan xafa bo‘lib yurgan. Bugungi uchrashuvda dastlab bir-birimizga nisbatan qo‘pollashdik. Lekin ularning dardini eshitganimiz, fikrimizni ularga yetkazganimizdan so‘ng hammasi joyiga tushdi.

Odamlar bir-birini hurmat qilsa, bir-birining fikrini olib bir qarorga kelishsa, baraka bo‘ladi. Biz ularni eshitdik. Ular kelisha olmayotgan kompaniya («Silk road group investmens» MChJ – tahr.) bilan bog‘lanib, ularning murojaatini yetkazamiz. Kelishishga o‘z hissamizni qo‘shamiz.

Fuqarolar taklifiga 100 foiz rozi bo‘lishning ham iloji yo‘q. Men adolat va hammaning rozi bo‘lishi tarafdoriman» – dedi uchrashuvdan keyin Murod Nazarov Kun.uz’ga bergan intervyusida.

Yechim nima bo‘ladi?

Aholi vakillari va tadbirkorlar o‘rtasida kelishuvga erishish uchun dastlabki qadam tashlandi. Lekin hozircha masalaning yakuniy yechimi topilganicha yo‘q.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Rahmatillo Isroilov

Mavzuga oid