YUNISEF o‘z saytida Termizdagi Mehribonlik uyidan o‘g‘lini olib ketgan ayol to‘g‘risidagi hikoyani chop etdi. (Shaxslarni himoya qilish maqsadida ismlar o‘zgartirilgan)

Ahadjon 2008 yilda, ota-onasi Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahrida ishlayotgan davrda tug‘ilgan. Ko‘p o‘tmay, otasi oilani tashlab ketgan.
Ona va o‘g‘il O‘zbekistonning janubiy viloyatidagi Termiz shahrining tor ko‘chasida qo‘l ushlashib borishmoqda. Shoira o‘g‘li Ahadjonni Mehribonlik uyidan olib ketganiga endi bir kun bo‘ldi.
U o‘g‘lining kelajagidan xavotirlanib, ko‘zida yosh bilan unga qaraydi. O‘g‘li yana Mehribonlik uyiga qaytmasligi uchun u hali ko‘p qiyinchiliklarni yengib o‘tishi kerak.
«Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga muvofiq, barcha o‘g‘il-qizlar o‘z oilasida katta bo‘lish huquqiga ega. Ota-onalari yoki boshqa qarindoshlari bo‘lishiga qaramasdan, afsuski, hamma bolalar ham ushbu huquqdan bahramand bo‘lmaydilar,»- deydi Surxondaryo viloyati Termiz shahrida joylashgan 12-sonli Mehribonlik uyi direktori Dilbar Suvonova.
Dilbar Suvonova 8 yildan beri Mehribonlik uyining direktori bo‘lib ishlab kelmoqda va uning fikricha, bola uchun eng yaxshi joy uning o‘z oilasidir.
«Migrant ota-onalari tomonidan tashlab ketilgan ba'zi bolalar oxir-oqibat muassasamizga joylashtiriladi. Bu yerdagi juda yaxshi sharoitlarga qaramay, ularning barchasi o‘z oilalari bilan yana birga bo‘lishni orzu qiladilar. Bolalar ota-onalaridan ajratilganida, ular xavotirda bo‘lib, tengdoshlari hamda kattalar bilan har qanday muloqotdan qochishga moyil bo‘lishadi. Ahadjon ham men uni uchratganimda xuddi shunday edi», deydi u.
O‘qituvchilar, shifokorlar va psixologlar Ahadjonga maktabga borishga, do‘stlar orttirishga va o‘z bolaligidan zavq olishga yordam berish uchun juda ko‘p harakat qilishdi.
Dilbar opaning aytishicha, YuNICEFning ijtimoiy ish va har bir holatni ko‘rib chiqishda maxsus yondashuv mavzusidagi trening Ahadjon singari bolalar bilan ishlashda Mehribonlik uyi xodimlari uchun juda foydali bo‘lgan.














