«Kichik Joze» kattasiga qarshi
Butun Yevropa hozirda bir mavzu haqida gaplashmoqda. Hatto murabbiylardan ham koronavirus haqida so‘rashdi. Yurgen Klopp global mavzularni muhokama qilishni yoqtirmasligini aytdi. «Leypsig» bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann esa jurnalistlardan birining infeksiya haqdagi savoliga shunday javob berdi: «Axir sizlar virusologlardan bizning «Volfsburg» bilan o‘yinimiz haqida so‘ramaysiz-ku?».

Chindan ham, koronavirus mavzusi murabbiylarning taktikalariga ta'sir ko‘rsatmoqda. Infeksiya futbolga ta'sir ko‘rsatmoqda: YeChLning 1/8 finaldagi uchrashuvlarining bir qismi tomoshabinlarsiz o‘tishi aniq (hozircha qancha uchrashuvda bunday choralar qo‘llanishi noma'lum), «Leypsig»ning «Tottenhem»ga qarshi o‘yinini ham bo‘sh tribunalarda o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Albatta, tomoshabinlarsiz o‘yin maydondagi voqealar rivojiga ham ta'sir ko‘rsatadi. Hozirgi holatda «shporlar»ga o‘yin bo‘sh tribunalarda o‘tkazilishi foydaliroq, mehmon jamoa safarda o‘z uyidagidek o‘ynashi va vaziyatdan chiqib ketishi mumkin. Birinchi o‘yinda «Tottenhem» Londonda 0:1 hisobida yutqazgandi va endi bu juftlikda Mourino shogirdlari favorit hisoblanmayapti. Fevral oyidagi o‘yinda londonliklarning mag‘lubiyati sabablaridan biri sifatida kadrlar muammosi keltirilgandi, ammo hozirga kelib ham vaziyat o‘zgarmadi. Keyn, Son Xin Min va Sissoko qatoriga jamoaning yangi futbolchisi Bergvayn qo‘shildi, Ndombele ham maydonga tushishga tayyor emas (bu haqda Mourino ham gapirdi). Qisqacha aytganda, «shporlar» maydonda hujum chizig‘i vakillarisiz harakat qilishiga to‘g‘ri keladi. Jamoa so‘nggi besh o‘yinda hech kimni mag‘lub eta olmagani,  «Norvich»ga mag‘lub bo‘lib Angliya Kubogini tark etgani ham bejiz emas.

«Leypsig» tarkib jihatdan kuchliroq ko‘rinmoqda. Jamoa Bundesligada «Bavariya»ni oldinga o‘tkazib yuborgan va oradagi farq 5 ochkoga yetgan bo‘lsada, jamoa ichki chempionatda qatorasiga 6 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etmoqda. Lekin nemislar jamoasi himoya chizig‘ida muammolar bor, bu birinchi o‘yinda ham ko‘zga tashlangan, ammo «Tottenhem» futbolchilari gol ura olmagandi.

Bir vaqtlar germaniyalik darvozabon Tim Vize Nagelsmanni «chaqaloq Mourino» deb atagandi. Ammo «Leypsig» murabbiyi barchaning ko‘z o‘ngida o‘sishga erishdi va endi Mourinoni eng asosiy yevrokubokdan chiqarib yuborishga tayyorlanmoqda.

10 mart (seshanba)
«Leypsig» - «Tottenhem»
O‘yin boshlanish vaqti: 01:00
TV-translatsiya: Futbol TV