Nogiron va ko‘zi ojiz kishilarning jismoniy imkoniyati cheklanganini hisobga olsak, yuqoriga chiqib-tushish ularga ancha qiyinchilik keltirib chiqarishi tabiiy, albatta.

Kuzatuvlarimiz davomida guvoh bo‘ldikki, Chilonzor, Yakkasaroy va Shayxontohur tumanlarida bunyod etilgan piyodalar yer usti yo‘l o‘tkazgichlarning ba'zilarida lift va eskalatorlar ishlamaydi.

Eng gavjum chorrahalardan bo‘lgan, «Milliy» stadioni va «G‘afur G‘ulom» bog‘i yonidagi piyodalar yo‘l o‘tkazgichiga o‘rnatilgan, piyodalarga qulaylik yaratilishi maqsad qilingan lift va eskalatordan foydalanish imkonsiz. Vaholanki, liftga kirish eshigiga nogiron fuqarolar foydalanishi mumkinligi haqida yorliq yopishtirilgan.

«Novza» va «G‘afur G‘ulom» metro bekatlari yaqinidagi piyodalar yo‘l o‘tkazgichlarining lift va eskalatorlari ishlayotganini ko‘rish mumkin. Biroq boshqa joylardagi obektlarda bularning aksi. Hatto ularning ba'zilarida lift va eskalatorning o‘rni bor, o‘zi esa yo‘q. Chilonzor tumani Oqtepa mahallasidagi chorrahada qurilgan ikki yo‘l o‘tkazgichda ham maxsus qulaylik o‘rnatilmagan.

Bugun qanchadan-qancha kishilar bu yer usti ko‘priklaridan foydalana olmayotganiga kim javob bera oladi? Ularning ishlamasligiga sabab nima? Ularning doimo foydalanishga shay bo‘lib turishi uchun javobgar tashkilot qaysi?

Shu kabi savollarga javob olish maqsadida Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatiga aloqaga chiqdik. Ma'lum qilishlaricha, ushbu obektlar «Ko‘prikqurilishloyiha» unitar korxonasiga qarashli ekan. Ular esa bu ish «ularning bo‘ynidan soqit qilingani» va bunga hech qanday javobgar emasliklarini bildirishdi.

Surishtiruvlarimiz natijasida ushbu inshootlar Toshkent shahar obodonlashtirish boshqarmasiga tegishli ekani ma'lum bo‘ldi. Biroq boshqarmaning piyodalar yo‘l o‘tkazgichlari ekspluatatsiyasi va tozaligiga javobgar bo‘lgan xodim bilan qo‘ng‘iroq orqali bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Viloyatlarda ko‘priklarni loyihalashtirish va qurish bilan shug‘ullanadigan «Ko‘prik yo‘l loyiha» MChJ bosh direktori To‘lqinjon Qo‘ldoshevdan izoh olishga muvaffaq bo‘ldik.