Muxlislar bor so‘nggi o‘yin
Katta ehtimol bilan «Liverpul» va «Atletiko» Chempionlar ligasining bu bosqichida tribunada muxlislar o‘tiradigan so‘nggi o‘yin bo‘lib qoladi. Bu esa mezbon jamoa uchun muhim omildir. Bu mavsumda «Enfild» «qizillar» uchun haqiqiy qal'aga aylandi. Premer-ligada — 15 o‘yinda 15 g‘alaba, to‘plar nisbati: 40-15, Chempionlar ligasida — ikki g‘alaba va «Napoli»ga qarshi o‘yindagi durang. Havas qilgulik raqamlar.

Ammo «Enfild» muxlislarsiz o‘z sehrini yo‘qotadi — axir 50 ming kishi You'll never walk alone qo‘shig‘ini kuylab turmasa futbolchilarda shijoat paydo bo‘larmidi. Hozir shunday sehr «Liverpul»ga juda zarur, jamoa APLda fevral oyidagi kichik tanaffusdan keyin juda yomon o‘yin ko‘rsatmoqda. Mag‘lubiyatlar seriyasi autsayder ustidan g‘alaba bilan yakunlandi. Lekin shanba kungi «Bornmut»ga qarshi o‘yin ( 2:1) xavotirlarni aritgani yo‘q.

Muxlislar ko‘magi to‘g‘risida «Liverpul» ustozi Yurgen Klopp ham aytib o‘tdi.

«Atletiko» futbolchilarining ko‘pchiligi avval «Enfild»da to‘p surmagan va biz bundan foydalanishimiz kerak. Tribunalardagi qo‘llab-quvvatlov — biz uchun katta ustunlik beradi. Men «Atletiko»ga katta hurmat bildirgan holda bu fikrimni aytmoqdaman. Ular chuqur himoyalanishadi va ajoyib qarshi hujumlar uyushtirishadi. Ularning har bir futbolchisi xavfli. Ammo istalgan raqibni mag‘lub etish mumkin, biz buning yo‘lini topishimiz kerak. Biz birinchi o‘yindan qanday saboq chiqarganimizni ko‘rsatib berishimiz darkor», — degan Klopp.

Jamoa sardori Jordan Henderson yordamga yetib keldi. U maydondaligida «Liverpul» yarimhimoyasidan xotirjam bo‘lish mumkin — bu mavsumda Hendo hujumda ham, himoyada ham ajoyib o‘yinlar ko‘rsatmoqda. «Bornmut»ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborgan Endi Roberson ham maydonga tushishi kutilmoqda. Yagona muammo — asosiy darvozabon Alissonning yo‘qligidir. Braziliyalik futbolchi belini jarohatlab olgan. Uning o‘rniga darvozani qo‘riqlaydigan Adrianning bu mavsumdagi harakatlari esa ishonchli emas — bir hafta muqaddam u Angliya Kubogida «Chelsi»ga qarshi o‘yinda o‘ziga kelgan to‘pni o‘tkazib yuborgan, o‘yin oxirida ham jarima maydoni tashqarisidan yo‘llangan zarbaga qarshi hech narsa qila olmagandi.

Ammo «Liverpul» fanatlarini statistika xursand qilishi mumkin — «qizillar» Chempionlar ligasi pley-offida birinchi o‘yinni boy bergan ikki mahal ham javob uchrashuvida kerakli natijaga erisha olishgan.

Liverpul — Atletiko
12 martga o‘tar kechasi. Liverpul. «Enfild» stadioni. 00:01. (UzReport Live — 00.50).