Sport | 15:40 / 13.03.2020
7345
2 daqiqa o‘qiladi

Chempionlar ligasi va Yevropa Ligasi koronavirus tufayli to‘xtatildi

UYeFA Yevropada koronavirus tarqalishi avj olishi munosabati bilan Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasining keyingi haftadagi barcha o‘yinlarini bekor qildi. Endi ushbu turnirlar noma'lum muddatga qadar to‘xtatiladi.

Foto: Reuters

Keyingi haftada, 17-18 mart kunlari YeChL pley-off bosqichi doirasida «Manchester Siti» - «Real», «Yuventus» - «Lion», «Bavariya» - «Chelsi» hamda «Barselona» - «Napoli» o‘yinlari o‘tkazilishi rejalashtirilgandi. Avvaliga bu o‘yinlar stadionda muxlislarsiz bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgandi. Bu qaror 19 mart kuni turnirning Yoshlar jamoalari o‘rtasidagi o‘yinlariga ham taalluqli. 

Bu qaror ortidan yevrokuboklarning 1/4 finali uchun qur'a tashlash marosimi ham kechiktiriladi.

17 mart kuni UYeFA favqulodda yig‘ilish o‘tkazib, sport turnirlari taqdirini muhokama qiladi. LʼEquipe nashri ma'lumotiga ko‘ra, bu yig‘ilishda futbol bo‘yicha Yevropa chempionatini keyingi yilga qoldirish bo‘yicha qaror qabul qilinishi kutilmoqda.

Bungacha koronavirus infeksiyasi xavfi tufayli Italiya va Ispaniya chempionatlari to‘xtatilgandi.

Bugun Fransiya chempionatida ham tanaffus e'lon qilindi, yaqin vaqtlar ichida Germaniya va Angliya chempionatlari taqdiri ham muhokama qilinib, qabul qilingan qarorlar e'lon qilinishi kutilmoqda.

  • So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab koronavirusdan zararlanganlar 135 ming nafardan oshib ketdi. 5 mingga yaqin kishi halok bo‘ldi, 70 mingdan ortiq kishi sog‘aydi.

Mavzuga oid