Payshanba kuni mamlakatda koronavirusga chalinishning 19ta yangi holati qayd etilgan, chorshanba kuni bu ko‘rsatkich 15ta edi, shundan 6 holatda Xitoydan tashqarida virus yuqtirilgan, 8 holat Xubey provinsiyasida aniqlangan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda o‘tgan yil dekabridan buyon virusga chalinganlarning jami soni 80 796 nafarga yetgan. Shundan faqat 14 801 kishi hozirda ham shifoxonalarda qolmoqda, 62 826 kishi esa butunlay sog‘ayib ketgan - bu jami bemorlarning 77,7 foizidir. Virus qurbonlarri 3169 kishini tashkil etgan. Mamlakatda o‘rtacha o‘lim holati 3,9 foizni tashkil etgan.

Ayni vaqtda jami bemorlarning 14 427 nafari (97,27 foizi) Xubey provinsiyasida, shundan 13462 kishi (jami bemorlarning 90,5 foizi) provinsiya markazi - epidemiya o‘chog‘i bo‘lgan Uhan shahridagi klinikalarda davolanmoqda.

Xitoyning Xubeydan tashqaridagi boshqa hududlarida koronavirus qurbonlari soni 113 kishini tashkil etdi, o‘lim holati 0,86 foizlik ko‘rsatkichni qayd etdi, Xubeyda bu ko‘rsatkich 4,5 foizga, Uhanda esa 4,86 foizga teng bo‘ldi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va boshqa ko‘plab ekspertlar, shuningdek jurnalistlar Xitoy hukumatining epidemiyaga qarshi kurashdagi harakatlarini, jumladan, qat'iy karantin choralarini olqishlamoqda.

Italiyada do‘konlar yopildi

Italiyada oziq-ovqat mahsulotlari sotuvchi do‘konlardan boshqalari yopildi / EPA

«Italiyada epidemiologik vaziyat hozirda juda og‘ir. Italiya Xitoyning epidemiyaga qarshi muvaffaqiyatli tajribasini sinchkovlik bilan o‘rganmoqda. Italiya tibbiy tovarlar va uskunalar yetishmayotgani sababli qiyinchilik sezmoqda va Xitoy bu o‘tkir masalani hal qilishda yordam berishiga umid qilmoqda», deydi Italiya tashqi ishlar vaziri Luiji Di Mayo xitoylik hamkasbi Van I bilan telefon suhbatda.

Xitoy tomoni Rimga mutaxassislar guruhi yuborilishi va Italiyaga tibbiy niqoblar va boshqa uskunalar ko‘rinishida gumanitar yordam ko‘rsatilishini va'da qilgan. «Biz epidemiyani birgalikda yengishimiz zarur», degan Van I.

Italiya ayni vaqtda Covid-19 koronavirusidan zararlanganlar va vafot etganlar soni bo‘yicha Xitoydan keyingi ikkinchi o‘rinni band etgan: 12 462 kishi virus yuqtirgan va 827 kishi vafot etgan. Holatlar kundan kunga o‘sib bormoqda: chorshanba kuni virus yuqtirishning yangi 2313 holati va 196 o‘lim qayd etilgandi. Shu bilan birga, 1045 bemor sog‘ayib ketgan.