Aziza Shonazarova bakalavr ta'limini Toshkent davlat sharqshunoslik institutida sharq falsafasi bo‘yicha olgan. Sharqshunoslik instituti, Polshadagi Varshava universiteti, AQShning Indiana-Blumington oliygohida magistratura bosqichida o‘qigan.
Dunyoning yetakchi ta'lim muassasalari ― Ohayo, Manchester, Varshava, Illinoys, Sorbonna, Bonn, Pekin universitetlari bilan ilmiy hamkorlik olib boradi. AQShning Indiana-Blumington, Stenford oliygohlari, Britaniyaning Oksford universiteti Islomshunoslik markazida ma'ruzalar o‘qiydi.
U gender masalalari va islom dini, Markaziy Osiyo tarixida ayollarning o‘rni, so‘fiylik mavzularida ilmiy tadqiqotlar olib borgan. So‘fi ayollarning yirik vakili, buxorolik Hazrat Og‘oyi Buzrug haqidagi kitobi chop etilish arafasida.
«Men doktoranturani bazo‘r ingliz tilida va 10 oyli chaqalog‘im bilan boshladim. Bugun esa doktoranturani 8 yoshli qizim, eng yuqori GPA (baho ko‘rsatkichi), Oksford hamda Pitsburg universitetlaridan postdoc uchun taklif bilan bitiryapman. Matonat va mehnat bilan barcha narsaga erishish mumkinligiga men ham bir misolman».
– Aziza Shonazarovaning Indiana-Blumington universitetini bitirganda so‘zlagan nutqidan.
― Ilmiy tadqiqot yo‘nalishlaringizdan biri «Gender va Islom» mavzusi hisoblanadi. O‘zbekistonda aholining aksariyati islom diniga e'tiqod qiladi. Yaqin vaqtlardan boshlab gender tengligi tushunchasi bizga ham olib kirila boshlandi. O‘z navbatida, islom va gender bir-biriga zid keladigan tushunchalar, islom yetakchi bo‘lgan mamlakatda gender tengligini o‘rnatish mumkin emas, degan fikrlar ham o‘rtaga chiqdi. Islom gender tengligiga qanday qaraydi?
― Islomda gender masalasi bo‘yicha bir necha muslima olimalar tomonidan nufuzli kitoblar chop etilgan. Bular qatoriga Harvardda dars beradigan Leyla Ahmetni, Fatima Mirnisi, Amina Vadudlarni sanab o‘tish mumkin.
Ular o‘z kitoblarida islom olami uchun gender masalasi zid emasligini yozishadi. Gender tengligi Qur'oni Karimning o‘zida namoyon ekanligi haqida juda ham ko‘p tadqiqotlar olib borishgan.
Menimcha, bu haqda biz [ko‘proq] gapirishimiz kerak. O‘z dinimizda gender tenglik konsepsiyasi mavjud va buni ko‘pchilik, afsuski, bilmaydi. Bu haqida ko‘proq ilmiy ishlar yozishimiz kerak. Jamoatchilikka yetkazib berish ― bizning vazifamiz.

















