Özbekistonning sobiq rahbarlari haqidagi navbatdagi maqolamiz umrining sönggi 35 yilini Rossiyada ötkazgan Rafiq Nişonov haqida böladi.
Bu şaxsning SSSR parçalanib ketganidan söng Özbekistonga qaytmagani va Moskvada yaşab qolgani böyiça turli gap-sözlar tarqalgan. Xöş, nega u SSSR parçalanib ketganidan söng Özbekistonga qaytmagan?
Öqituvçidan çiqqan rahbar
Rafiq Nişonov 1926-yilda Böstonliq tumani markazi bölgan Ğazalkent şahrida tuğiladi. U 1942-yildan boşlab kolxozda mehnat qila boşlaydi. Köp ötmay komsomol safiga kiradi va şu taşkilotning Böstonliq tumani bölimida işlaydi.
1945-1950 yillarda harbiy xizmatni ötaydi va Özbekistonga qaytgaç, Toşkent şahridagi tumanlarning birida komsomol taşkilotida işini davom ettiradi.
U 1955-yilda Içki işlar vazirligi tarkibidagi yonğin xavfsizligi boşqarmasining siyosiy işlar bölimi boşliği lavozimiga tayinlanadi. Söng Toşkent şahridagi Oktabr tumani partiya qömitasi masʼuli böladi. 1959-yilda u şu tuman rahbariga aylanadi.
Rafiq Nişonov 1962-yilda Toşkent şahar ijroiya qömitasi raisi, 1963-yilda esa Toşkent şahri rahbari etib tayinlanadi. U öşa yili Özbekiston kompartiyasi markaziy qömitasi byurosi aʼzosi böladi.

Rafiq Nişonov 1970-yilda SSSR taşqi işlar vazirligiga işga ötadi va sovetlarning Şri-Lanka hamda Maldiv orollaridagi elçisi etib tayinlanadi.
Hozirgi paytda Rossiya taşqi işlar vaziri lavozimini egallab turgan Sergey Lavrov öşa paytda Nişonovning qöl ostida işlagan. 1978-yilda Nişonov SSSRning Iordaniyadagi elçisi lavozimiga ötkaziladi va u bu yerda 1985-yilgaça faoliyat olib boradi.
Rafiq Nişonov Özbekiston rahbari
1985-yil 11-mart kuni SSSR rahbarligiga Mixail Gorbaçyov kelgaç, Nişonov Toşkentga qaytadi va 30-mart kuni Özbekiston taşqi işlar vaziri lavozimiga tayinlanadi.
1986-yilda Nişonov Özbekiston oliy kengaşi prezidiumi raisi böladi. 1987-yilda esa uni SSSR oliy kengaşi prezidiumi raisi örinbosari etib tayinlaşadi.
1988-yil yanvar oyida Özbekiston rahbari Inomjon Usmonxöjayev işdan böşatiladi, uning örniga Rafiq Nişonov respublika rahbari böladi.
Rafiq Nişonovning 1985-yildan boşlab amal pillapoyalarida tezlik bilan yuqoriga kötarilişida öşa paytda SSSRni boşqarib turgan Mixail Gorbaçyovning hissasi katta.
Rafiq Nişonov Gorbaçyov bilan döstona aloqalarga ega bölgan va şu sababli orqavarotdan uni «Gobaçyovning Rafiqi» deb ataşgan.
Taniqli özbek siyosatçisi Nuritdin Muhitdinov öz esdaliklarida Rafiq Nişonov Gorbaçyovga juda sodiq şaxs bölganini va öşa paytda Özbekiston manfaatlaridan köra Markaz manfaatlarini ustun qöyganini taʼkidlagan.

Farğona voqealari: «Bir tovoq qulupnay»
1989-yil 3-12 iyun kunlarida Farğona viloyatida qonli hodisalar bölib ötadi. Viloyatda yaşovçi mesxeti turklar oldindan rejalaştirilgan iğvolar oqibatida özbeklar hujumiga uçraydi.
Hodisa sodir bölganda Rafiq Nişonov va respublikaning boşqa rahbarlari Moskvada edi. Hodisa haqida xabar olganidan söng Nişonov darhol Özbekistonga qaytiş va şoşilinç çoralar köriş örniga Moskvada qoladi va Xalq deputatlari yiğinida qatnaşişda davom etadi.
Özbekistonga faqat Respublika Vazirlar Mahkamasi raisi Ğayrat Qodirov va Farğona viloyati rahbari Şavkat Yöldoşevni jönatib yuboradi. Öşanda yiğinda Mixail Gorbaçyov hodisa haqida söraganda Rafiq Nişonov fojia kölamini anglab yetmasdan yoki kamaytirib körsatiş maqsadida turli gaplarni aytadi.
Jumladan, u Gorbaçyovning savoliga javob bera turib, Farğonadagi qonli mojaro bir tovoq qulupnay tufayli kelib çiqqanini taʼkidlaydi. U millati mesxeti turk bölgan xaridor özbek sotuvçisiga qöpollik qilib, toğoradagi qulupnayni turtib yuborgani va oqibatda janjal boşlanganini aytadi.
Bu haqda u 2020-yilda ÖzAga bergan intervyusida şunday eslaydi:
«1989-yil, SSSR xalq deputatlari birinçi qurultoyi sessiyalarining ikkinçi haftasi davom etayotgan edi. 3-iyun kuni keçqurun mehmonxonada hayotimdagi eng dahşatli qönğiroqlardan biri yangradi. Farğonada Toşloq, Komsomol qişloqlarida, Marğilon şahrida falokat sodir bölganini aytişdi. Qaroqçilarning uyuşgan tödasi uylarga bostirib kirib, talon-taroj, şafqatsiz qotilliklar amalga oşirib, binolarni yoqib yurgan ekan.
Ertalab qurultoyda vahima: nima böladi, öylab tagiga yeta olmayman. Gorbaçyov menga ögirilib: «Nima maʼlum qila olasan», deb söradi. Menda vaziyatning tahlili u yoqda tursin, komissiya aʼzolaridan işonçli maʼlumotlar ham yöq edi. Bu haqda minbarga çiqmasdan, ötirgan joyimdan aytdim. Keyin maʼlumotlarimga köra, tartibsizliklar bozorda kuçli janjal – mesxeti turk özbek sotuvçisi bilan urişib, bir tovoq qulupnayini ağdarib taşlagani natijasida kelib çiqqan, deya qöşimça qildim. Keyinçalik bu gapim uçun meni qattiq tanqid qilişgandi».
Öşanda Özbekistondan vahimali xabarlar kelişda davom etaveradi va Nişonov fojia boşlanganidan ikki kun ötgaç SSSR içki işlar vaziri bilan birga Özbekistonga qaytadi. Biroq şunda ham fojiani jilovlaşda sustkaşlikka yöl qöyadi.
Nuritdin Muhitdinovga köra, öşanda Rafiq Nişonov Özbekiston rahbari sifatida zaiflik qilgan va harakatlarda sustkaşlikka yöl qöygan. U Nişonovning «bir tovoq qulupnay» haqidagi gaplarini rahbar masʼuliyatsizligi va xalq boşiga tuşgan kulfatning asl kölamini yaşiriş deb baholagan.

Rasmiy maʼlumotlarga köra, öşanda 100 nafardan ortiq odam halok böladi, mingdan ortiq odam jarohatlanadi. Aksariyat tahlilçilar va zamondoşlar agar öşanda Nişonov qatʼiyat körsatganda Farğonadagi fojia alanga olmasdan uni jilovlaş mumkin edi deb hisoblaşadi.
SSSR parçalanib ketganidan söng Farğona fojiasini Moskva uyuştirgani oşkor böladi va şundan söng köplab insonlar mesxeti turklarga nisbatan adolatsiz işlar qilinganini anglab yetadi.
Afsuki, öşanda özbekning qon-qoniga singib ketgan «muammoni yuqoridagilardan yaşiriş, uning kölamini kamaytirib körsatiş» kasalligi tufayli Farğona fojiasi özbek millatining gardaniga doğ bölib tuşadi.
Şu örinda bir muhim maʼlumotni keltirib ötmoqçimiz. Öşanda mesxeti turklar hamda özbeklar örtasidagi mojaro faqat Farğona viloyati hududida sodir böladi. Boşqa viloyatlarda kelişmovçiliklar yuz bermaydi.
Şu sababli Moskva faqat Farğona viloyatida yaşab kelgan mesxeti turklarning bir qismini olib çiqib ketadi, qolgan viloyatlarda ular tinç-totuv yaşaşda davom etadi. Bugungi kunda ham turli viloyatlarda 50 mingdan oşiq mesxeti turklar yaşaydi va ular Özbekiston fuqarosi sifatida vatanimiz ravnaqiga hissa qöşib kelmoqda.
«Paxta işi» va Raşidovni qoralaş
Rafiq Nişonov Özbekiston rahbari bölgan kezda respublikada «Paxta işi» qatağonlari davom etayotgan va Gdlyan hamda Ivanov qama-qamalarni davom ettirayotgan edi.
Öşanda vaziyat şu darajaga yetadiki, Moskva Özbekiston rahbari Inomjon Usmonxöjayevni ham jazolaşga qaror qiladi. Avvaliga uni işdan böşatişadi. Söng SSSR oliy kengaşi prezidiumi tarkibidan, keyin esa KPSS markaziy qömitasi aʼzoligidan çiqarişadi. 1988-yil oktabrda Usmonxöjayev hibsga olinadi va bir qator jinoyatlarda ayblanadi.
Garçi 1988-yilning oxirlari va 1989-yilning boşlarida SSSRda oşkoralik şamollari esa boşlagan, Boltiqböyi respublikalari mustaqillik talab qilayotgan bölsa-da, Rafiq Nişonov respublika rahbari sifatida Özbekistondagi qatağonlarga köz yumadi.

U Moskvadan Gdlyan va Ivanov boşçiligidagi tergovçilarni ortga qaytarişni söraş örniga, ularni qöllaydi. Jumladan, majlislarning birida u «Paxta işi» qatağonlarini qöllab gapiradi va şu joyda «Şarafraşidovşçina» atamasini işlatadi.
Öşanda Rafiq Nişonovning bu işi Özbekistondagi köplab faollarga yoqmaydi va xalq oldida uning obrösi tuşişiga sabab böladi. Keyinçalik Rafiq Nişonov ÖzAga bergan intervyusida bu haqda berilgan savolga şunday deb javob beradi:
«Oktabr inqilobi bayrami töğrisidagi maʼruzam bilan Oliy Sovet Prezidiumining raisi sifatida nutq sözlar ekanman, men uşbu atamani birinçi marta öşa paytda Özbekistonda, butun Ittifoqdagi kabi boşqarişning avtoritar uslubi hukm surgan vaziyatni tasvirlaş uçun işlatganman. «Şarafraşidovşçina» iborasi şu qadar keng qöllanişini heç öylamagandim. Nutqimni qöllab-quvvatlaganlar, munosabatimga qöşilganlar böldi. Şu bilan birga «Nima uçun mavzuni keskinlaştiryapsiz, bölib ötgan işni eslaş şartmi?» deganlar ham böldi».
Rafiq Nişonov keyinçalik ham, hatto oradan 30 yil ötgandan keyin ham «Paxta işi» böyiça fikrlarini özgartirmagan va özbek amaldorlarini pora-oldi berdisida ayblagan. Jumladan, u 2020-yilda ÖzAga bergan intervyusida bu haqda şunday deydi:
«Avvalo, yovuzlik aynan xalqqa qarşi qaratilgan, paxtakorlarga tölanmagan pullar ham respublikada, ham Moskvada poraga işlatilgan, ularga «Volga» avtomobillari, dabdabali qasrlar, taqinçoqlar olingan»
Rafiq Nişonov şu intervyusi davomida Gdlyan va Ivanov boşçiligidagi tergov guruhini tekşiriş böyiça komissiya raisi bölib işlagan Veniyamin Yarinning ayblanuvçilardan yuz million söm pul hamda taqinçoqlar musodara qilingani haqidagi gaplarini keltiradi.
Özbek xalqi Gdlyan va Ivanov guruhi öşa yuz million söm pul hamda qimmatbaho taqinçoqlarni qanday qölga kiritganini yaxşi biladi.

Öşanda ular hibsda saqlanayotgan şaxsning qarindoşlariga «Falon pul topib kelsang, qamoqdagi odamingni ozod qilamiz», deb avraşadi. Qarindoşlar qarz-havola qilib aytilgan pullarni topib borgandan söng, ulardan hibsdagi şaxsning öziga qarşi aşyoviy dalil sifatida foydalanişadi.
Umuman olganda Nişonovning öz kitoblarida yozgan va intervyularida gapirgan gaplaridan şuni uqiş mumkinki, u özbekistonlik masʼul şaxslarning «Paxta işi» tufayli jazolanişini töğri iş bölgan deb hisoblagan. Buni hatto ÖzAga bergan intervyusida ham anglaş mumkin.
Moskvaga ketiş
«Paxta işi» va Farğona fojiasidagi sustkaşliklar Özbekistonda Rafiq Nişonovning obrösi tuşişiga sabab böladi. Ayniqsa «Paxta işi» qatağoni tufayli xalqning sabr kosasi tölib borayotgan edi.
Ana şunday şaroitda Mixail Gorbaçyov öz «Rafiq»ini Moskvaga çaqirib oladi va uni SSSR oliy soveti millatlar kengaşi raisi lavozimiga qöyadi.
1991-yil avgustda SSSR parçalanib ketgaç bu taşkilot ham tugatiladi va Rafiq Nişonov nafaqaga çiqadi. Biroq u Toşkentga qaytmaydi va Moskvada yaşab qoladi.

Islom Karimov davrida Rafiq Nişonov sovet tuzumining va «Paxta işi» davrining ramzi sifatida körilgan va Özbekistonda unga nisbatan siyosiy jihatdan sovuq munosabatda bölingan. Balki şu sababli u vataniga qaytmagan.
Rafiq Nişonov Moskvada yaşagan yillarida bir neça marta Putin tomonidan mukofotlangan va ordenlar olgan. Özbekistonning sobiq rahbari umrining sönggi damlarini Şveysariyada ötkazadi va 2023-yilda şu yerda vafot etadi.












