Ustaboshi Mahamadjon Umarovning aytishicha, “Islomobod” jome masjidida har biri 63 metrli 4ta minora qurilmoqda. Hozircha O‘zbekistonning hech bir masjidida bunday balandlikdagi minora yo‘q, qolaversa, u mamlakatimizdagi 4 minorali ilk masjid bo‘lishi aytilmoqda.

“2018 yili Toshkent shahar hokimining qarori bilan 20 masjidning qayta qurilishi belgilangan bo‘lib, ularning orasida “Islomobod” jome masjidi ham bor. Masjid loyihasini tayyorlashdan oldin Toshkentdagi deyarli barcha masjidlarga borib, ijobiy va salbiy jihatlarini o‘rganib chiqdik. Shulardan kelib chiqib odam ko‘p to‘plangan vaqtda ham bino ichkarisida havo almashishi me'yorida bo‘lishi uchun masjidning yerto‘la qismi besh metr balandlikda qurilmoqda. Bundan tashqari, odamlar kirib-chiqishda qiynalmasligi, tirbandlikning oldini olish maqsadida masjidda ikkita kirish joyi bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda masjidning birinchi qavati, ya'ni yerto‘la qismi qurib bitkazildi. Hozir ikkinchi qavat – honaqoh qurilmoqda. Ushbu masjidning 4 ta minorasi bo‘ladi, har bir minoraning balandligi 63 metrdan. Ayni paytda ikkita minora 22 metrgacha qurib bo‘lindi. Bu O‘zbekistonda to‘rt minorali ilk masjid bo‘ladi”, deydi ustaboshi.

11 mart kuni “Islomobod” jome masjidiga ramziy g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin Xoliqnazarov va masjid qavmi ishtirok etishdi. Muftiy hazratlari ushbu masjid qurilishiga turli darajada hissa qo‘shayotgan barcha-barchaning haqqiga duo qildi.

“Hozir qaysi bir masjidga borsak, ular odam bilan liq to‘la. Musulmonlarimiz masjidlarga sig‘may qolishyapti. Shuning uchun masjidlar keng-keng qilib qurilyapti. Jumladan, “Islomobod” masjidi ham namozxonlarga qulay bo‘lishi uchun keng qilib qurilmoqda. Ushbu masjid o‘z bag‘riga 8 ming nafar odamni sig‘dira oladi. Tahoratxona ham mana shu jamoatga moslashgan holda qurilmoqda. Ya'ni 150 kishiga mo‘ljallangan tahoratxonani qurishni rejalashtirilgan.