Sinov dunyo. Virus ham sinov. Qanday sinov, deysizmi?

Shunday sinovki, u nafaqat kishilarni, balki butun xalqni sinaydi.

Yo‘q, men Sizga aytsam, gap yanada jiddiyroq – virus xalqning qay darajada XALQ bo‘la olganini ko‘rsatadi.

Qanday qilib?

2020 yil, 15 mart, peshindan oldin. Jiyanim bilan dorixona oldidan o‘tayotgandik. U: «Amaki, antiseptik gel olaylik, maktabda ishlataman» deb qoldi (hali maktablar «yopilishi» haqida xabar tarqalmagan edi).

Jiyanim dorixonaga kirib, ikki dona gel olib chiqqach, ajablangan holda menga bir manzarani chizib berdi. Gap shundaki, u gel sotib olayotgan paytda dorixonaga bir kishi kirib, sotuvda qolgan gellarning hammasini sotib olib ketibdi...

«Janob Koronavirus»

Jiyanim chizib bergan manzara boshqa bir manzarani ko‘z oldimga keltirdi.

Deylik, virus bu – ongli mavjudot. Va uning maqsadi – xalqlarni zabt etish. Ongli mavjudotning esa xursand qiladigan va uni xafa qiladigan narsalari bo‘ladi. Bunda virusning yo‘lini to‘suvchi narsa uni ranjitadi, unga yo‘l ochuvchi omil esa – xursand qiladi.

Endi virusga qarshi turuvchi xalqni ham ongli bir shaxs sifatida tasavvur etamiz. Unda bu «shaxs»ning virusga qarshi qiladigan harakatlari, tabiiyki, mantiqli-tizimli bo‘lishi kerak. Chunki harakatlarida mantiq bo‘lmasa, virusga qarshi turuvchini biz ongli mavjudot deb atay olmaymiz.

Yagona organizm

Inson organizmi bu – aqlli, ichida kechadigan o‘zgarishlarga tezkor ravishda chora ko‘radigan tizim. Tanada viruslarga qarshi doimiy va muntazam kurash kechib turadi. Doimiy! Bu satrlarni o‘qib turgan paytingizda ham tanangizda bu kurash davom etyapti.

«Nega unda viruslar insoniyat tinchligiga ba'zida olamshumul raxna solib qoladi» dersiz? Gap shundaki, gohida dunyoning biron-bir nuqtasida shunday virus paydo bo‘ladiki, inson tanasidagi tizim uni «taniy olmaydi» – zararkunanda deb qabul qilmaydi. Natijada insoniyat uchun katta xavf paydo bo‘ladi va... bunday virus olamga mashhur bo‘lib ketadi.

«Jamiyat» va «organizm» – mohiyatan bir tushuncha – ikkisini ham «voqelikda yuzaga keladigan o‘zgarishlarga tezkor ravishda javob beruvchi tizim» deb ta'riflasa bo‘ladi. Endi savol: biz qanchalik jamiyatmiz?