2020 yildan boshlab, O‘zbekistonda kambag‘allik haqida ochiq gapirila boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatida mamlakatdagi kambag‘allik darajasi 12-15 foiz atrofida ekanini ma'lum qildi.

Kun.uz muxbiri shu mavzuda siyosatshunos-iqtisodchi, PhD darajasiga ega ijtimoiy va davlat sektoridagi innovatsiyalar sohasi mutaxassisi Bahrom Rajabov bilan suhbatda bo‘ldi.

– Jahon banki ekspertlari tomonidan 1990 yilda kambag‘allikni o‘lchash bo‘yicha metodika taklif etilgan. Metodika bo‘yicha kambag‘allik ko‘rsatkichini aniqlashdagi mezonlar nimalardan iborat?

– 2017-2018 yillarga qaraydigan bo‘lsak, Jahon banki O‘zbekiston bo‘yicha kambag‘allik ko‘rsatkichini keltirgan. Shu raqamlarga asoslanib, aytish mumkinki, 2017 yilda O‘zbekistonda kambag‘allik  11,9 foiz bo‘lgan. 2018 yilda bu ko‘rsatkich 11,4 foizga tushgan.

Shuni aytib o‘tish kerakki, aynan Jahon banki odatda hukumat taqdim qilgan statistik ma'lumotlarga asoslanib bu raqamlarni beradi. Demak, bu raqamlar bo‘yicha biz 2018 yilda ana shu vaziyatda edik.

Yana shuni aytib o‘tish kerakki, kambag‘al va o‘rta darajadagi mamlakatlarda kambag‘allik 9,6 foiz edi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich nisbatan yuqori.

Mezonlarga keladigan bo‘lsak, shuni tushunish kerakki, o‘ta kambag‘allik ko‘rsatkichi (extreme poverty) bor. Kuniga 3 dollar 20 sentga yashaydigan aholi qashshoq emas, kambag‘al deyiladi. Kuniga 2 dollardan kamroq pul topadigan aholi soni qashshoq yoki o‘ta kambag‘allar qatoriga kiradi.

Kambag‘allik turlari har xil. Kambag‘allik deyilganida ana shu turlarni hisobga olish kerak.

– 1990 yildan boshlab har ikki yilda Jahon banki tomonidan «Kambag‘allik va yalpi farovonlik» hisoboti e'lon qilib boriladi. 2018 yilda taqdim etilgan so‘nggi hisobotda O‘zbekiston bo‘yicha qanday fikrlar bildirilgan?