Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyani tark etmaslik uchun 7 sabab - Rossiyadagi o‘zbekistonliklarga murojaat
Rossiyaning Moskva shahrida yuristlik faoliyatini olib boruvchi hamyurtimiz Botirjon Shermuhammad ushbu mamlakatda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga murojaat bilan chiqdi.
“Assalomu alaykum, hurmatli vatandoshlar. Koronavirus epidemiyasi sabab, O‘zbekiston 1 maygacha dunyoning barcha mamlakatlari bilan havo, temir yo‘l va avtomobil orqali yo‘lovchi qatnovlarini taqiqladi. Kamida shu muddatgacha O‘zbekistonga hech qanday doimiy reys bo‘lmaydi. Charter reyslar tashkil qilinadi”, deyiladi murojaatda.
U murojaatida ayni paytda Rossiyada bo‘lib turgan yurtdoshlarimizni shu yerda qolishga chaqiradi.
“Bunga bir qancha sabablarni keltiraman:
1) Sarson bo‘lasiz. Charter reyslarda avvalo bemorlar, homilador va yosh bolali ayollar, qariyalar va "Uzbekistan Airways"ning 16 martdan 21 martgacha bo‘lgan davridagi bekor qilingan reyslarga bileti bor fuqarolar ketishadi. Bilet topish ham oson bo‘lmaydi. O‘zbekistonga borib, 14 kun maxsus joylarda karantinda bo‘lasiz. 20 kg dan kam bo‘lmagan yuklaringiz bilan u yerlarga yetib borish va joylashish ham oson emas. Ayniqsa, yosh bolalar bilan. Sharoitlar ham oliy darajada emas.
2) Karantin paytida sizga yoki siz orqali boshqalarga kasallik yuqishi ehtimoli katta. Virus chetdan kelganlardan yuqmoqda. Karantinda turganlar o‘zaro muloqot paytida bir-birlariga yuqtirishlari mumkin. Shifokorlar barchaga imkon boricha, jamoat joylarida kamroq bo‘lishni tavsiya qilishmoqda. Vaksina yo‘q hozirgi sharoitda eng samarali usul shu. Kasallanganlar birdan ko‘payib ketsa, hech qaysi davlatning tibbiyot tizimi bunga dosh berolmaydi.
3) Charter reyslarga biletlar pullik va arzon emas.
4) Davlatimiz resurslarini bizni olib ketishga emas, kasallikka qarshi kurashga safarbar qilaylik. Borganlarni tekshirish, qo‘riqlash va karantinda 14 kun ta'minlashga ham resurs kerak bo‘ladi.
5) Hammani olib ketish imkoni yo‘q. Rossiyada 2 milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarolari mavjud. Agar ulardan 1 foizi (20 ming) uyga ketmoqchi bo‘lsa, kamida 80 ta reys tashkil qilish kerak bo‘ladi. Bu ham bitta reysda 250 olib kelinsa. Odatda bir uchoqda 200 odam bo‘ladi.
6) Rossiya tibbiyoti imkoniyatlari biznikidan yaxshiroq. O‘zbekiston tibbiyoti xodimlari va rahbarlarini hurmat qilgan holda, bu yerdagi sharoitlar va tibbiyot taraqqiyoti darajasi yaxshiroq ekanini tan olishimiz kerak. Hudo ko‘rsatmasin, kasallik yuqsa ham Rossiyada davo topish imkoniyati ko‘proq.
7) Hujjat muammolari hal bo‘ldi. Barcha registratsiyasi yo‘q va muddati tugayotgan fuqarolarga Rossiya IIV hech qanday muammosiz registratsiya muddatini 90 kunga cho‘zib beradi. Chegaraga chiqmay patent olsa ham bo‘ladi. Hech kim deport qilinmaydi.
P.S.: Yuqoridagilarni hisobga olib, kelinglar davlatni ham, o‘zimizni ham qiynamaylik. Epidemiya tugaguncha shu yerda bo‘lib turaylik. Bizning hukumatimizga yordamimiz shu bo‘lsin”, deyiladi murojaatda.
Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va respublikaning chet eldagi 53ta elchixona va konsulxonalarida tuzilgan operativ shtablarga 5800dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi va 2800dan ortiq chet el fuqarosi vatanga qaytishni so‘rab murojaat etgani xabar qilingandi.
Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Jahongir Xidayxo‘jayevning ma'lum qilishicha, Rossiya, Turkiya, Misr, Hindiston, Malayziya, Koreya Respublikalaridan 7ta charter reyslari orqali jami 1750dan ortiq fuqarolarimiz vatanga qaytarilgan bo‘lib, ular 14 kunlik karantinga olingan.
Mavzuga oid
18:53 / 10.06.2026
Qozog‘iston Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzitini oshirishga tayyorligini ma’lum qildi
12:12 / 09.06.2026
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qisqardi
08:45 / 09.06.2026
Ukraina Rossiyani BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi
22:09 / 08.06.2026